Ismingiz: Shahlo
Savol: Men shu yil kollejni tugatdim. Birga o’qiydigan dugonam hijobda edi, biz birga institutga hujjat topshirishga borganimizda dugonamni qabul qilishmadi. Qabul komissiyasida o’tirganlar ularning institutiga hijobli qizlarni olmasligini, agar hijobimni o’qishga kirganimdan keyin yechaman, agar yechmasam o’z xohishimga ko’ra o’qishdan haydashingiz mumkin, deb tilxat yozib bersa, hujjatlarini qabul qilishi mumkinligini aytdi. Dugonam yo’q, men hijobimni o’qishga kirsam ham yechmayman, desa, unda boshqa institutga hujjat topshiring, bizda hijoblilar o’qishi mumkin emas, deyishdi. Meni hujjatlarimni qabul qilishdi, chunki men hijobda emasman. Dugonam boshqa institutga ham hujjatlarini olib borganda xuddi shunday jabob berib, hech kim hujjatlarini qabul qilmabdi. Xullas, dugonam o’qishga topshirmadi, men esa hujjat topshirganim bilan o’qishga kira olmadim. Mening opam ham hijobli, men ham yaqinda hijobga kirmoqchiman, Xudo xohlasa. Ammo kelasi yil o’qishga topshirmoqchi bo’lsam, mening hujjatlarimni ham birorta institut qabul qilmasligidan qo’rqayapman. Shu narsa to’g’rimi? Agar shunday bo’lsa, nima qilay?
Javob: O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra, albatta, hijobli qizlar ham oliy ta’lim muassasalari, ya’ni universitet va institutlarda o’qishlari mumkin. O’zbekistondagi hech qaysi ta’lim muassasasida rasman hijobni man qiluvchi qoida yo’q.
Sizning va dugonangizning holatida huquqlar buzilishini ikki turkumga ajratish mumkin:
Birinchisi, ta’lim sohasidagi huquqlarning buzilishi.
Rasmiy hujjatda bo’lmagan hijobga qarshi qoidani amalda targ’ib qilish universitet va institutlarning, shuningdek, kollej va maktablarning ham ichki nizomi, qolaversa undan yuqori turuvchi qonunosti hujjatlari, hamda O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuniga va eng asosiysi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid hisoblanadi. Chunki O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, “Ta’lim to’g’risida”gi qonunning 4-moddasiga binoan har kim e’tiqodidan qat’i nazar bilim olishda teng huquqlarga egaligi ta’kidlangan. Yuqoridagi normalarga asosan hijobda bo’lgan ayollar, qizlar ham boshqalar bilan bir xil bilim olish huquqiga ega.
Ikkinchisi, vijdon erkinligi huquqlarining buzilishi.
O’zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 3-moddasida vijdon erkinligi, ya’ni biror dinga e’tiqod qilish, yoki umuman hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik fuqarolarning kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqlari ekanligi, shu qonunning 4-moddasida fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar teng huquqli ekanligi, 7-moddasiga ko’ra esa O’zbekiston fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga munosabatidan qat’i nazar ta’min etilishi belgilangan.
O’zbekiston Respublikasida hijobni ro’kach qilib oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilishni rad etishning biron bir huquqiy asosi mavjud emas. 2010-yil 18-iyunda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to’g’risida” nizomlarni tasdiqlash to’g’risida qaror chiqardi. Mazkur Qarordagi 1-ilova “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to’g’risida” Nizom bo’lib, uning 1-bo’lim, 3-bandi, 2-xatboshisida shunday deyiladi:
“Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to’lov-kontrakt bo’yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to’plagan abiturientlarning davlat grantlari bo’yicha birinchi navbatda qabul qilinishi huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to’lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar”.
Mazkur Nizomning 3-bo’limida hujjatlarni qabul qilish haqida qoidalar o’rnatilgan bo’lib, undagi bandlarga ko’ra:
“Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim yo’nalishi, o’quv tili va shakli ko’rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo’qligi, chet tilidan qaysi fandan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo’lganlar uning raqamini ko’rsatishlari hamda test sinovlarini o’tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to’g’ri to’ldirish bilan tanishganligi ko’rsatiladi);
o’rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
086-U – shakl bo’yicha tibbiy ma’lumotnoma;
pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug’ilganligi to’g’risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
3.5 x 4.5 sm hajmidagi 6 dona rangli fotosurat;
mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko’chirma va ishlab turgan sohasidan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo’lim abiturientlari uchun)”.
“Ko’rsatib o’tilgan hujjatlar mavjud bo’lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas”.
Ma’lum bo’ldiki, mazkur Nizomda hijob haqida qoidalar belgilanmagan. Yuqorida sanalgan hujjatlar mavjud bo’lgan taqdirda qabul komissiyasi hujjatlarni boshqa sabablarga ko’ra qabul qilishni rad etishi noqonuniy harakat bo’lib, qabul komissiyasining mazkur noqonuniy harakati ustidan tegishli tartibda shikoyat qilish mumkin.
Shikoyatni barcha tafsilotlar aniq va to’liq yozilgan holatda hujjatlarni qabul qilmagan institut qabul komissiyasi ustidan Davlat Test Markaziga yoki shu institut joylashgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga topshirishingiz mumkin. Shikoyatchida instansiya tanlash huquqi ixtiyoriy bo’lib, xohlasangiz birinchi Davlat Test Markaziga, uning natijalaridan qoniqmagach esa tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilishingiz, yoxud to’g’ridan-to’g’ri institut joylashgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilishingiz mumkin.
Odatda sudga bunday muammo bo’yicha shikoyat qilinganda, institut qabul komissiyasining yozma javobi shikoyatga asos bo’lishi kerak. Ammo siz va dugonangizning holatida yozma asos olinmagan bo’lsa, tartib bo’yicha Davtlat Test Markaziga, undan javob olgach esa, – agar yana shikoyat qilishga hojat tug’ilsa – tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilish tavsiya qilinadi.
Agar institut qabul komissiyasi hujjatlaringizni boshingizda ro’molingiz (hijob) bo’lgani bois qabul qilmasa, ulardan shu haqda yozma javob berishlarini talab qiling. Davlat Test Markaziga shikoyat bilan murojaat qilingach, O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonuniga asosan Markaz sizga 10 kun ichida yozma, asoslantirilgan javob berishi kerak.
Mavzu bo’yicha qo’shimcha ma’lumotlar:
“Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to’g’risida” Nizom
adolat.net