O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

Bir bobursevarning boburshunos bilan qilgan munozarasi

Bir bobursevarning boburshunos bilan qilgan munozarasi
396 views
02 August 2021 - 14:25

Bobur ijodini o‘rganishda O‘zbekistonda dastlabki qadamni Abdurauf Fitrat qo‘ygan. Garchi Fitrat Bobur ijodini bir butunlikda -yaxlit tadqiq qilmagan esa-da, o‘zining o‘nga yaqin ilmiy maqolalarida, qo‘llanmalarida Bobur ijodidan tahlil namunalar  keltirgan.

Ko‘chirma :

Fitratning ”Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari va havasmandlilari uchun qo‘llanma (1926-yil) darsligida Bobur va uning ijodi haqida yangi davr o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi bo‘lib ma’lumot bergan. ”O‘zbek adabiyoti namunalari”(1-jild,1927-yil) majmuasida ”Boburnoma” ning Hindiston qismini tabdil etib, O‘zbekistonda ilk nashr qildirgan. ”Adabiyot qoidalari ” (1926-yil )kitobida eng ko‘p misol Navoyi va Boburdan keltirgan.”Aruz haqida ” risolasida Boburga ham aruz nazariyotchisi ham  aruzning go‘zal vaznlarida she’r bita olgan hassos shoir ekanini ko‘rsatadi “Bobur ensklopediyasi”,  14-bet ,2014-yil

Ko‘chirma tamom.Fitrat haqli ravishda boburshunos olimlarning oldingi safida turadi.

Ammo masalaning boshqa jihati borki, Fitrat ”Fors shoiri Umar Xayyom” deb nomlangan maqolasida Umar Xayyom ruboyilari tahlilida uning ruboyilarini Bobur ruboyilari bilan chog‘ishtirafi va shunday fikr(xulosa) ni keltiradi.

Ko‘chirma :”Bizning klassik shoirlarimiz ichida Xayyomga yaqinlashishga , o‘zini Xayyomga o‘xshatishga  muvaffaq qilgan birdan bir shoir mashhur Bobir Mirzodir.

Bobirning ruboyilarida bo‘lgan ochiqlik, go‘zallik, soddalik Xayyomga o‘xshaydir. Lekin Bobir Xayyom kabi hikmat, falsafa olimi bo‘lmagan.Bu nuqtalarda uning ruboyilari Xayyomdan juda keyinda turadir” Fitrat, ”Tanlangan asarlar”, 4-tom,   bet

Ko‘chirma bitdi.

Har qanday yangilik, har bir ijod mahsuli o‘zining ibtidosida ma’lum bir kamchilik, biryoqlamalikdan xoli bo‘lmaydi. Fitrat domlaning ilk o‘zbek boburshunosi ekanligini va bu borada xizmatlari qiyossiz ekanligini hisobga olgan holda, uning Bobur ruboyilariga bergan xulosalarida ham balki davrning holi sabab, bir yoqlamalikka tosh qo‘yganlarini aytib o‘tishni joiz bildik. Albatta buning dalili mag‘zi puch, havoyi so‘zlar bilan emas, ravshan asos bilan ochiqlangusi, inshaalloh.Fitrat domla bilan xayolan munozaraga kirishsak-da, o‘zimiz biryoqlamalik deb atagan fikrlarni shu munozara orqali bayon qilsak.

M U N O Z A R A

Kishi o‘zi avvaldan ko‘rmagan, yoxud tanimagan ikkinchi bir odam bilan munozara qilmagi mumkinmi? Albatta mumkin emas. Biroq, Fitrat afandi men sizni taniyman. Qayerdan…deysizmi?

Xurshida Ataullohxon

Xurshida отправил(-а) Сегодня в 13:12

Avvalo dinimiz islomning qisqa, ammo sermazmun tarixi bitilgan “Muxtasar islom tarixi” asaringiz orqali taniganman sizni.

Mudragan Turkiston-turkiylar makonidagi ulusning, o‘zbek turki millatining ko‘ngil ko‘zini , ong -tafakkurini uyg‘otish umidida qilgan na’rangiz ”Yurt qayg‘usi” ni o‘qib tanidim sizni.

Millatning og‘rig‘iga davo izlab , bu najotni hatto ko‘kdan tilab” Mirrix yulduzi” ga qilgan nolalaringizni o‘qib tanidim sizni.

Fitnaga aldanib, yurtni o‘risga topshirishga tayyor turgan yurt oydinlariga ishora bo‘luvi umidi bilan bitilgan ”Abulfayzxon” orqali taniyman sizni.

Va kesilgan umidi bilan Temur hoqon ruhiga qilganingiz iltijolar og‘rig‘idan taniyman sizni.

Tilimiz-turkiy til sofligini saqlab qolish maqsadidagi harakatingiz -“Chig‘atoy gurungi” gurunglaridan tanidim sizni.

O‘zbek adabiyotida ilk bor Bobur Mirzo faoliyatini yoritib berganingiz tufaylidan taniganman sizni.

Afandim, biz siz bilan munozaraga kiruvimiz uchun yetarli zamin bor.Zotan, ko‘z yoqtirganni, aql uni taniganni, ruh esa o‘ziga o‘xshaganni istar emish. Rumiy aytadi:” bir birini tushunish bir tilda so‘zlash emas, , bitta tuyg‘uni his etishdir. Afandim, bir birini tushunish uchun bitta davrda yashash ham muhim emas. Muhimi-tuyg‘ular qarindoshligi, hislar egizligi.

Afandim, sizni tanimasligim mumkinmi?

Afandim, avvalo ” o‘zini Xayyomga o‘xshatishg‘a muvaffaq bo‘lg‘an” degan fikringizni  bir mulohaza qilsak.Boburning ”ichi” va” tashini” oyna kabi ko‘rsatib beradigan ”Boburnoma” ni diqqat bilan o‘qigan kishi uning hamma sohada o‘ta daqiq yondoshuvini sezmay iloji yo‘q. Xususan, ruhiyatiga payvast nazmga. ”Boburnoma”da nazmga doxil bo‘lgan biror kishi yo‘qki, Boburning o‘tkir nazaridan xoli qolgan bo‘lsa. Bobur turkiy va forsiy tilda qalam surgan bir qancha zamondosh shoirlarning ijodi haqida ta‘riflay turib, yutuq -kamchiliklarini xolis baholaydi. Ayamaydi.”Zohir va botin ulumidan ul zamonda ul miqdor kishi bo‘lmagan ” Jomiydan tortib, ”turkiy tilda xo‘b va ko‘p” aytgan Navoyigacha. ”G‘azalida rang va hol” bo‘lgan, zukko va tezfahm Binoyidan toki ”ta’b nazmi bo‘lgan Husayn Boyqarogacha. Hatto ”she’ri sust va bemaza bo‘lgan Sulton Mahmud ta’rifida ”andoq she’r yozgandan, yozmag‘on ma’qul” deb  aytishdan ham tortinmaydi.Ammo Umar Xayyom nomi yoki biror satri ham uchramaydi. Taajjubli va haqli savol: Bobur Xayyomni bilganmidi o‘zi? Shu jihatdan biz ”Xayyomg‘a o‘xshatg‘an” fikringizni “o‘xshagan” shaklini olamiz (zotan, so‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor)

Afandim, siz Bobur ruboyilari ta’rifida ”ochiqlik, go‘zallik va soddalik” fikrini berdingiz.Durust, biz bu ”ochiqlik”, ”go‘zallik” jihatiga rozimiz, zotan bunda haq siz tomonda. Ammo soddalik nuqtasini hazm qilolmaymiz. Sizdan keyin to hozirgacha kechgan yillar oralig‘ida gi boburshunoslar, bobursevarlar, boburxonlar : umuman, u zot haqida ikki satr nimadir yozgan kimiki bor soddalik tushunchasiga jo‘nlik anglamini payvand  qilib, bir satrini albatta ”o‘sha” tarif bilan yakunlaydi .

Afandim, siz sirkda doira maydon bo‘ylab chopayotgan otlarni ko‘rganmisiz? Ular faqat o‘sha doira atrofida harakat qiladilar. Bir qadam ham chetga chiqmaydi. Bobur ruboyilari talqinida biz ham o‘sha otlar misol: bir nuqta ,bir maromda chopyapmiz, aytadigan aksar so‘zimiz ”o‘sha” bo‘lib qoldi. ”O‘sha xulosa saqichdek chaynalayotir.

Munozarada davom etamiz

”Boburning ruboyilarida Xayyomniki kabi fikmat ,falsafa yo‘q, chunki uning o‘zi hikmat, falsafa odami emas” Ana xolos! Taqdir bir onning o‘zida baland tole va tolesizlik bilan siylagan, hayot tarzi shu siylovga muvofiq tarozining ikki pallasida  kechgan shaxsni ”hikmat va falsafa odami emas” deb baho berish…Adolatdan emas bu, afandim!!So‘zimiz quruq bo‘lmasin vajidan Boburning  zuvalasi falsafaga qorilgan, hikmatga aylangan ruboyilarini ”gapirtirsak” , raddiyamizni shu tarzda asoslasak.

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.

Yaxshi kishi yomonlik ko‘rmagay, hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir!

Bobur ruboyilari ichida eng mashhuri, maktab bolasidan tortib, katta avlod vakiligacha yod biladigan bu ruboyidagi maqsad va g‘oya shunday: Bu dunyodagi hayoting go‘yo aks sado. Ne desang, ne qilsang, o‘zingga bexato qaytguvchi. Agar vafo qilsang, sadoqat ko‘rasan, jafo, javr qilsang, senga ham shu nasiba. Kishi yaxshi bo‘lsa, yomonlik ko‘rmaydi, magaram yomon bo‘lsa, yomonlik qilsa birovga, o‘ziga ham shu jazo qaytadi(bumerang misol)Nima eksang, shuni olasan. Bug‘doy ekkan bug‘doy olur. Arpa sepganning hosili ham arpa bo‘lur.Yoki ”O‘zing yaxshi, olam yaxshi” degan hikmatni ham topsa bo‘lur. Sababki, uchinchi misrada buning dalili bor. Afandim, falsafa bundan yiroq, hikmat bundan a’lo bo‘luvi mumkinmi?

Davlatqa yetib, mehnat elin unutma,

Bu besh kun uchun o‘zingni asru tutma.

Borgonni, kel endi, yod etmay ey do‘st,

Borish-kelishingni lutf etib o‘ksutma.

Davlatga erishganingda, amalga, mansabga minganingda, elning mehnatkash qismini unutma, dunyo besh kun, besh kunlik o‘tar dunyoda o‘zingni, mansabingni abadiy deb o‘ylama. Seni yoqlaganni unutib, borishingni bir marhamat hisoblama, qo‘lingni uzma, marhamat qildim deb o‘ylamaki, ko‘ngullar o‘ksiydi. Bunda “o‘ksutma” so‘z o‘yinini ifodalagan: kamaytirma va xafa qilma!

Afandim, ”Boshing osmonga yetsa ham, oyog‘ing yerdan uzilmasin” degan asriy  hikmatga ishora emasmi bu ?

Alalxusus, bugungi kun zodagonlariga hukmfarmolikka erishgach, xalqingni unutma, oyog‘ingni yerdan uzma degan eslatma yo‘qmi bunda? Aslida insonning tanazullga uchrashi, evrilishi, fojeasi ham shu nuqtadan boshlanuviga ishora qiluvchi bu ruboyi hikmatdan necha pog‘ona quyi, afandim?

Kim yor anga ilm, tolibi ilm kerak,

O‘rgangali ilm tolibi ilm kerak.

Men tolibi ilmu tolibi ilme yo‘q,

Men bormen ilm tolibi ilm kerak.

Ilk surasining ilk oyati ”o‘qi!” degan kalom bilan boshlangan ”Qur’on”da  muhkam,hadislar bilan sobit qilingan ,  islom ummatining najoti faqat u bilan erishiluvi mumkin bo‘lgan ilm talabi o‘ta orzumandlik bilan bayon etilgan bu ruboyini hikmatdan tashqari, falsafadan xoli deyish uchun ”kishi adolatining tarozisi” (Bobur so‘zi) qay martabada bo‘lishi kerak, afandim? Afandim bu satrlar shu qadar uyg‘oq, shu qadarli tirik ,har nafasda hushyor!“ Har qanday kitob mutolaa jarayonida tiriladi.

Xotiralarda qolgan she’r tirikdir.” (Muhammad Solih so‘zi) Dalillarimizda davom etamiz. ”O‘xshatishga harakat qilgan va bunga muvaffaq bo‘lgan Bobir Mirzodir” Rost dediz, afandim! O‘xshatishga harakat qilgan, o‘xshagan va ba’zi jihatlari bilan Xayyomdan o‘zib ham ketgan yana o‘sha Boburdir!!

Dalil.Xayyom :

Yo‘qlikdan pok kelib, nopok bo‘ldik biz,

Sho‘x-u quvnoq edik, g‘amnok bo‘ldik biz.

Ko‘zimiz to‘la yosh, yurakda olov

 

Umr yelga ketdi hamki, xok bo‘ldik biz.

Bobur:

Ruhim yaratib eding latofat birla,

Qilding anga tanni hamroh  ofat birla

Ruhimni tan uyiga keltirding pok,

Mundin bori eltma kasofat birla.

Har ikkala ruboyi e’tiqodiy-marifiy mavzuda bo‘lib, Xayyomda bu insonning yo‘qlikdan pokiza kelib, nopoklik keyinroq kechishi, shod-xurram , quvnoq kelib, g‘amga do‘nishi, garchi yurakda olov bo‘lsa-da yashash uchun, ko‘z to‘la yosh bilan xok-tuproqqa aylanishi bayon qilingan. Boburda ham Xayyomnikiga uyg‘un ruhda boshlangan, faqat qamrov kengroq . Ya’ni ruhni Alloh taolo beg‘ubor, latif holda yaratgani, unga tan qafas qilingach, balo-ofat keyin boshlanishi, tan uyiga pokiza kelgan …

tan uyiga pokiza kelgan bu yaratiqni asliga qaytuvida yaratilgani kabi pokiza qaytishi , bulg‘anch, nopok holda qaytarilganda rad etiluvidan qo‘rquv, qabulidan umidvorlik bilan yakun topgan.

Xayyom maqsad va g‘oyani dangal tashlagan, juda aniqlik bilan. Inson tug‘iladi(yo‘qlikdan keladi) va qancha yashamasin, hayotga tashnalik ne qadar bo‘lmasin, baribir ketadi, ya‘ni o‘ladi va tuproqqa qo‘shiladi. Xayyom fikrini shu bayon bilan yakunlaydi. Tug‘ilish va o‘lish oralig‘ida kechgan umrning holi. Bobur esa o‘sha yaratiqning (ruhning ya’ni) tuproqqa qo‘shiluvidan keyingi holat(asl o‘zlik)ni ham ”manziliga chiroyli tarzda yo‘l olishini ”bayoni bn yakunlaydi. Ya’ni, Boburda xulosa balog‘atli. Badiiy jihatdan ham jozib ustunlikda(tan uyi, hamroh ofat) .

Munozara tamom.

Afandim, bizga sizning XX asr boshlarida vujudga kelgan jadidchilik harakatining ilg‘or vakili bo‘lganingiz tarix bitiklaridan ma’lum. Xususan, Turkiston birligini asrab qolmoq harakatida millatning aql ko‘zini, ongini uyg‘otmak maqsadida qilgan ma’rifiy jihodingiz, millatning o‘zagi bo‘lgan tilimiz istiqboli va sofligi qayg‘usida yozgan eslatma -maqolangiz, adabiyot nazariyasiga oid fikrlaringiz nihoyatda baland o‘rinda turadi. El dardi, yurt qayg‘usi, vatanni hur va ozod ko‘rish istagi bilan yongan jasoratli xizmatlaringiz sizning bu borada safning boshida ekanligiga shaksiz dalolatdir. Bu borada biz avlodlarga tengsiz o‘rnak, qiyossiz ibratsiz. Hanuz qiymatini saqlab qolgan ,vaqt va davr elagidan o‘tib kelayotgan g‘oyalaringiz hali o‘z so‘zini ko‘p aytajak. Biroq Bobur ijodidagi bu mulohazalaringizga biz haq berolmadik. Fikrlarning o‘suvi o‘zi kabi fikrlar to‘qnashuvidan hosil bo‘lar. Yuqoridagi fikrlarimizga ham sizning nihoyatda qiymatli fikrlaringiz sabab bo‘lganligi vajidan bu sarkashligimizni fikrlar to‘qnashuvi deb qabul qilishingizni so‘rayman. Zotan bahslar haqiqatga doya emish.

Xurshida Ataullohxon