O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

Hamiyatli vazir

Hamiyatli vazir
249 views
18 August 2021 - 15:43

Ko‘pgina rivoyat va ertaklarda vazir obrazi asosiy shaxs sifatida talqin qilinadi. Podshoh qanchalik ziyrak va hushyor bo‘lsa-da, uning qavatida aqlli,kengashchi, tadbirli va ko‘zi to‘q vazir bo‘lsa, bunday el shubhasiz osoyishta va rohatda bo‘ladi. Vazirlar podshohlarga hamma vaqt to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmoqligi,iymonli, poktabiat bo‘lmog‘i kerakligi ulug‘lar bitgan kitoblardan shoyondir.  Kaykovus “Qobusnoma”sida  aytadiki:” Podshoh bn vazirning so‘zi bir kelmog‘i kerakdir, to amr qat‘iy, hurmati barqaror, davlati poydor bo‘lmog‘i lozim” Gulxaniy ”Zarbul masal”da naql qiladi:” Podshohi odilga uch toifadin guzur yo‘qtur: avvali olimi boamalki, podshohning oxiratlik asbobini taraddudida bo‘lsa. Ikkinchisi vaziri sohibray‘ki ,podshoning dunyolik yarog‘ini taradduda bo‘lsa.. Uchinchisi ,munshiyi rostnaviski, qalamzanu nigohdoru, shamshirzan bo‘lsa” Demak, bundan shunday ma‘no chiqadiki, podshoh yonida uni jannatga yo‘llovchi savob amallarga undaydigan uch kishidan biri vazir ekan. “Boburnoma” da Bobur qaysiki hukmdorni ta‘riflarkan, albatta uning umarosiga, vaziriga diqqatini qo‘yadi.Davlat va mamlakatning istiqboli uchun zarur shaxs deb biladi va shu bois, umarolar ta’rifida ularning avvalo nasl -nasabi, fe’l atvori, e‘tiqodi, amali hatto xossa tabiati haqida ham xolis va adolat bn bayon beradi. Shoshqaloq, ochko‘z, johil, buzuqfe‘l, yolg‘onchi, xiyonatko‘ngil vazirdan toki siyosatli, tadbirli,axloqli, mard, shijoatli,zakiy vazirgacha to‘xtalib o‘tadi. Boburning qo‘l ostida ham Qosim qavchin otlig‘  unga ajib sadoqatli, pokko‘ngil, sohibtadbir vaziri bo‘ladiki, ”Boburnoma” ning bir necha sahifasida muallifning  unga yuksak ehtiromi mun‘aks bo‘lib turadi.” Yana biri Qosimbek qavchin edi. Qadimiy Andijon qo‘shun beklaridin edi.Hasan Ya‘qubbekdin so‘ng mening eshikimda sohibixtiyor ul edi. Oxir umrig‘acha ixtiyor va e‘tibori ortdi, o‘ksumadi. Mardona kishi edi. Musulmon va muddayyin va mutaqqiy kishi erdi va shubhalik taomdin parhez qilar edi. Royi va tadbiri bisyor yaxshi edi.Bovujudkim ummiy edi, xushtab‘ona zarofatlar qilur edi”. Bobur qazoqliklar(qochqinliklar)dan bezib, Sulton Mahmud huzuriga otlanganda, Qosimbek bir muddat undan ayrilib, Xusravshoh xizmatida bo‘ladi. Bobur Kobulni qamal qilayotgan mahalda yana unga kelib qo‘shiladi va umrining oxirigacha sadoqat saqlaydi. Kobulga qaytishda Qosimbek o‘g‘illari bn qor tepishda jonbozlik qiladi.

Bobur aytadi:” Bir haftaga yovuq qor tepib, kunda bir sha’riy-bir yarim sha’riydin ortuq ko‘chulmas edi. Qor tepar kishi men edim, Qosimbek edi,ikki o‘g‘li Qanbarali va Tangriberdi bila yana ikki -uch navkar ham bor edi.” Yana bir muhim fazilatga ega ediki, uning bu xislati Bobur tomonidan nihoyatda ehtirom bn “Boburnoma”da zarb qiligan. Boburning Hirot safarida u bn birga bo‘lgan , barcha diplomatik uchrashuvlarining guvohi bo‘lgan Qosimbek, o‘sha uchrashuvlarda hamisha ziyraklik va hushyorlik bn o‘z hukmdorini sha‘nini qo‘riydi. Bobur Hirotda Husayn Boyqaroning o‘g‘illari -Badiuzzamon va Muzaffar Mirzolar bn uchrashadi va bobosi tuzgan saltanatni tiklash hamda mustahkamlash yo‘lida birlashish taklifini qo‘yadi. “Boburnoma” da o‘qiymiz:” Badiuzzamon Mirzoning devonxona uyiga yettuk.Muqarrar andoq edikim, men uydin kirgach, yukungaymen. Badiuzzamon Mirzo qo‘pub araqqa kelgay,dog‘i ko‘rushilgay. Men uydin kirgach, bir yukundim, dog‘i bedarang mutavajjih bo‘ldum, Badiuzzamon ohistaroq qo‘pub, sustroq yurdi. Qosimbek chun davlatxoh edi va mening nomusim aning nomusi edi, belbog‘imdin bir tortti, voqif bo‘ldum. Taanni bila yurub, muqarrar bo‘lg‘on yerda ko‘rushuldi”. Ana‘naga muvofiq Bobur yoshi kichikligi boisidan Badiuzzamon Mirzo bn ko‘rishganda ta‘zim bilan kirmog‘i va unga javoban mirzo ham istiqboliga chiqishi kerak edi. Bobur Badiuzzamonning o‘ziga nisbatan e‘tiborsizroq bo‘lib,,o‘rnidan salgina qimirlab qo‘yganini sezmaydi va shu onda sadoqatli Qosimbekni uning belbog‘idan bir tortib, ogoh qilishi bilan, o‘z sharafiga mos harakatda bo‘lib, u ham sekin yuradi va natijada belgilangan joyda ko‘rishishadi. Shu birgina kichik voqea zimnida sadoqatning, hushyorlikning, hamiyatning ulkan namoyoni borki, u ham bo‘lsa vazirning farosati tufayli insho bo‘ladi! Ya’ni Qosimbek Boburga uning ham temuriy shahzoda ekanligi, garchi uning yoshi Mirzodan kichik bo‘lsa-da uning ham zoti ulug‘ligini,bobosiga munosib voris o‘laroq Samarqand taxtiga ikki bor muyassar bo‘lganini-sharafi va sha‘nini shu birgina harakati orqali eslatadi! “Qosimbek chun davlatxoh edi ,mening sha‘nim uning sha’ni edi”!

Xotirga Bolosog‘uniy Yusufning o‘lmas hikmatlari kechadi:

Vazirdir bek(shoh)yukini ko‘targuvchi,

Bekning beboshligin yo‘lga solguvchi.

Janobi Haq har hukmdorga shunday farosatli, hushyor, hamiyatli va iymonli vazir nasib aylasin! Amiyn, ajmain!

  1. S. Bolosog‘unoy hikmatining tabdilida nuqsonga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, post egasi uzrlidir

Xurshida Ataullohxon