O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

MUXTORIYAT LOYIHASI

MUXTORIYAT LOYIHASI
15,288 views
16 March 2024 - 23:20

Turkiston mintaqasidagi jadidlik harakati ham o‘ziga xos milliy xususiyatlarga ega bo‘lishi bilan birga, bir tarafdan, XIX-XX asrlar oralig‘ida jahonda sodir bo‘lgan ulkan taraqqiyot va o‘zgarishlar, ikkinchi tarafdan, Rossiya imperiyasi tarkibidagi turkiy va musulmon xalqlari yashayotgan hududlarda og‘ir siyosiy, ijtimoiy va madaniy muammolar ta’sirida vujudga kelgan tom ma’nodagi milliy uyg‘onish harakatidir. Shu ma’noda jadidlik bugun biz uchun Turkiston tarixida chuqur ijobiy iz qoldirgan milliy meros hisoblanadi.

Turkistondagi jadidlarning dastlab ma’rifatparvarlikka asoslangan faoliyati asta-sekin ijtimoiy-siyosiy tus ola boshladi. Bunda Rus-yapon urushidagi mag‘lubiyat orqasidan Rossiya imperiyasida yuz bergan 1905–1907-yillardagi Birinchi rus inqilobi natijasida konstitutsion monarxiyaga o‘tish hamda parlament – Davlat dumasining ta’sis etilishi, 1905–1911-yillarda Erondagi konstitutsion inqilob, 1908-yildagi Yosh turklar inqilobi hamda jahondagi boshqa muhim voqealarning ahamiyati katta edi.

Davlat dumasiga Turkistondan ham deputatlarning saylanishi va dumada musulmonlar frak siyasining shakllanishi orqali jadid ziyolilar Turkiston xalqi manfaatlarini qonuniy yo‘l bilan himoyalash hamda o‘lka uchun madaniy muxtoriyat huquqini olishga harakat qilishadi. Mana shu paytda Mahmudxo‘ja Behbudiy 1907-yil noyabr oyida Davlat dumasi musulmon fraksiyasiga murojaat qilib, Turkiston o‘lkasi Rossiya ning Yevropa qismidan ham ko‘proq muxtoriyat huquqiga haqli ekanini ta’kid laydi hamda fraksiyaga o‘zining Turkis ton o‘lkasi uchun diniy va ichki ishlardagi (“Idorayi ruhoniya va doxiliya”) erkinlikni ifoda etuvchi “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasini taqdim etadi.

Loyihada Behbudiy Davlat dumasiga Turkistonning musulmon aholisi nufuziga mos vakil saylanishi, diniy idora ishlarida erkinlikni, Turkis tondagi har qanday darajadagi boshqaruvda mahalliy aholi vakillarining ishtirokini ta’minlash, turkistonliklar uchun majburiy va bepul umumta’limni joriy etish, ularning roziligisiz Turkistonga Rusiya ning boshqa hududlaridan aholini ko‘chirishni to‘xtatish, rus istilosi davrida tortib olingan vaqf mulklarini qaytarish kabi muhim talab larni ilgari suradi. Behbudiy bu loyihada bitilgan ism-sharifi va mansabi ostiga muhrini ham bosgan.

BEHBUDIY QO‘LYOZMASINING SARGUZASHTI

Behbudiy tomonidan 1907-yil noyabr oyida Dumaga yuborilgan “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi 2001-yilgacha topilmagan edi. Bu noyob tarixiy loyiha asl qo‘l yozma nusxasining topilishigacha bo‘lgan sarguzashti juda qiziq.

Dumaga topshirilgan Behbudiy qo‘lyozmasining asl nusxasi keyinroq jadidlik harakatining atoqli rahbarlaridan biri Ismoilbek Gʻaspiralining arxivida saqlangan. Ismoilbek 1914-yili vafot etganidan keyin, o‘g‘li Rifatbek bilan qizi Shafiqa xonim (1886 – 1975) 1918-yilgacha Ismoilbekning mashhur “Tarjimon” gazetasi faoliyatini davom ettiradilar. Jadid ayollarning taniqli yetakchisi Shafiqa xonim ozarbayjonlik jadid ziyoli Nasibbey Yusufbeyli bilan 1906-yilda turmush qurgan va 1917-yilda tuzilgan Qrim-tatar muxtor hukumati deputati bo‘lgan.

Lekin 1919-yili Qizil armiya Qrimga bostirib kirib, Qrim-tatar muxtoriyatini qulatgandan keyin, Shafiqa xonim bolalari bilan Bokuga, eri Nasibbeyning yoniga boradi. Bu paytda Nasibbey 1918-yili tuzilgan Ozarbayjon jumhuriyatining Bosh vaziri edi.

Lekin Qizil qo‘shinlar 1920-yil Bokuga bostirib kirib, mustaqil Ozarbayjon jumhu riyatini yo‘q qiladi va 31-mayda Bosh vazir Nasibbeyni otib o‘ldiradi.

Shafiqa xonimga Bokuda Turkiya elchisi bo‘lgan taniqli yozuvchi Memduh Shevket Esendal ko‘mak berib, uni va ikki bolasini turk askarlari yonida Anqaraga omon-eson yuboradi. Shafiqa xonim Bog‘chasaroydan Bokuga va u yerdan Anqaraga qilgan safarlarida ikkita bolasidan tashqari, dadasining arxividan turli noyob hujjatlarni ham birga olib yurgan. Shafiqa Gʻaspirali 1975-yil 31-avgustda Anqarada vafot etadi. Bungacha u otasi Ismoilbek Gʻaspiralining arxivini kelib chiqishi qrim-tatar bo‘lgan turk tarixchisi Nesip Hablemito‘g‘li (1954-2002)ga beradi.

Men otam Usmon Xo‘jao‘g‘li uchun bir armug‘on kitobi tayyorlayotganimda, 1999-yili Nesip Hablemito‘g‘liga murojaat qilib, uning qo‘lidagi Gʻaspirali arxivi da Turkistonga tegishli biror hujjat bor-yo‘qligini so‘ragan edim. Bir necha kundan keyin Nesipbey menga Behbudiy qalamiga mansub mazkur lo yihaning rangli fotolari bilan fayl yubordi. Nesipbey o‘shanda bu qo‘lyozma hujjatning mazmunini to‘liq bilmagani uchun menga: “Bu hujjatga qarab qo‘ying, balki nashr etishga arzir?” deb aytdi. Men hujjatni sinchiklab o‘qib chiqqanimda, Mahmudxo‘ja Beh budiy hazratlarining shu kungacha noma’lum, Turkiston tarixi uchun juda noyob bir loyihasi ekaniga amin bo‘ldim.

Keyin men bu “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasining foto va qo‘lyozmasining lotin transkripsiya matnini 2001-yilda Gollandiyada nashr etilgan “Turkis tonda yangilik harakatlari va inqiloblari” 1900-1924: Usmon Xo‘ja Armug‘oni” nomli kitobimda nashr qildim. Kirish so‘zida bu hujjatning qay tarzda I.Gʻaspiralidan qizi Shafiqa xonimga, undan Nesip Hablemito‘g‘li qo‘liga, undan menga o‘tganini qisqacha bayon qildim. Lekin bu yerda judayam achinarli bir voqea borki, uni ham aytishim kerak: hurmatli olim Nesip Hablemito‘g‘li menga Behbudiyning mazkur loyihasining elektron nusxalarini bergandan keyin uch yil o‘tgach, 2002-yil 18-dekabrda terror chilar uyushtirgan qotillik qurboni bo‘ldi. Agar Nesip Behbudiy loyiha si ning suratlarini menga bermaganida bu noyob hujjatdan bugun ham bexabar qolardik. Yana bir marta marhum Nesip Hablemito‘g‘lining ruhiga Allohdan rahmat tilayman!

“TURKISTON MADANIY MUXTORIYATI” LOYIHASINING AHAMIYATI

Behbudiy yozgan loyihani diqqat bilan o‘qiganimizda, shu narsa aniq landi: loyiha nomi “Tur kis ton madaniy muxtoriyati” bo‘lishiga qaramay, undagi moddalarning mazmunida ochiq-oydin “siyosiy muxtoriyat” talabi bor! Ularda Chor Rossiyasi hukumatidan Turkiston uchun siyosiy haq-huquqlar talab qilingan.

Qo‘lyozmasining birinchi sahifasida Behbudiy o‘zini shunday tanitadi:“1907-sana, noyabr Samarqand dan Ittifoqi Muslimiyn Idorayi Markaziyasi Mufti Doru’l-qazo Samarqandiy Mahmud Xo‘ja Behbud Xo‘jao‘g‘li. (E’tibor bering: “Behbudiy” emas “Behbud” deb yozilgan.)

“Turkiston madaniy muxto riyati” loyihasi jami 25 moddadan iborat. Ushbu lo yiha ning 1-moddasidan 17-moddasigacha Chor Rossiyasi hukmi ostidagi ishlarga tegishli bo‘lsa, 18-25-moddalarida esa keng miqyosda erkinlik va siyosiy muxtoriyat talab qilingan. Shu oxirgi moddalarga ko‘z tashlaylik:
UMUM MAKTABLAR
18. Turkiston maktab va madrasalari hukumat nazoratidan ozod bo‘lsun.
19. Umumo‘rta va oliy maktab larga musulmonlardan komissiya tayinlansun. Rus harfi [alifbosi] musulmon millatiga jabr bo‘lmasun.
20. Har xil korxona, hibsxona va askarxonalargaki musulmon bordur, musulmon ruhoniysi tayinlansun.

SUV VA YERLAR XUSUSINDA
21. Turkistonga dunyoni har tarafi dagi musulmonning yer olmoqg‘a haqqi bo‘lsun va inchunin, dunyoga Turkistonlilar-da sherik o‘lsunlar.
22. Sahro, biyobon, ko‘histon va shahar xalqini qadimdan beri o‘rtaga qo‘yub mushtarakan naf’lanib kelayotgan yoyloq, chashma, biysha, kon, ko‘l, marg‘zor, nahar va shularga o‘xshash sababi hayot va taraqqilari bo‘lg‘uchi nimarsalaridan nafl anmakka mani’ bo‘lg‘uchi zakonlar lag‘v (bekor) bo‘lsun.
23. Nahar va katta va kichik arig‘ suvlarin taqsimi aholini ittifoqi va mashvarati ila bo‘lsun. Ushbu qonun loyi hasi jami 25-moddadan iborat. Qayd: hozirgi Rus bosh mirobini taqsimi kayfisi aholiga ko‘p zarar kelturadur.

24. Turkiston xalqi talab qilmag‘uncha Turkistonga muhojir yibarilmasun.
25. Turkiston shaharlari doxilindagi yerlar bu nizom vaz’ bo‘lguncha xoh muvaqqat va abadiy bo‘lsun, g‘ayri musulmonga berilmasun”.

Behbudiy bu loyihada faqat Chor Rossiyasi hududlaridagi Turkiston haqida so‘zlaydi. Rossiyaning vassalligi ostidagi Xiva xonligi va Buxoro amirligi hududlari esa bu loyihaga kiritilmagan. 1907-yildagi bu loyihada yuqorida aytib o‘tilgan moddalarda, ayniqsa, Turkis tondagi maktablar va yer-suv masalalarida Chor Rossiyasi Dumasidan siyosiy muxtoriyatlar talab qilinayotgani aniqlanadi.

Bu muxtoriyat talablari Rossiya musulmon turkiy xalqlari o‘rtasida 1905–1917-yillar orasida turli yerlarda o‘tkazilgan musulmon xalqlarining yig‘ilish va qurultoylarida ham muhokama qilingan. Bu yig‘ilishlarning ayrimlarida Behbudiy hamda boshqa turkistonlik qozoq, o‘zbek, tojik, qirg‘iz, turkman vakillar ham qatnashganlar.

Bu yig‘ilishlar natijasida, 1917–1918-yillar orasida bir qator muxtoriyatlar e’lon qilina boshlandi: Qrim-tatar muxtor hukumati (1917), Turkiston muxtoriyati (1917), Alash-o‘rda muxtoriyati (1917), Butun Rusiya turk-tatar muxtoriyati (1918).

Bu muxtoriyatlardan tashqari uchta mustaqil jumhuriyat ham tuzildi: Ozarbayjon jumhuriyati (1918), Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati (1920) va Xorazm xalq sho‘rolar jumhuriyati (1920). 1920-yilda qurilgan Buxoro va Xorazm mustaqil davlatlari nomida 1923-yilgacha ruscha “sovet” va “respub lika” so‘zlari ishlatilmadi. Lekin 1923-yilda davlat nomidagi “sho‘rolar jumhuriyati” atamasi o‘rniga “sovet respublikasi” atamasi kiritildi, 1924-yilda bu ikki davlatning nomi yana bir marta quyidagicha o‘zgartirildi: Buxoro sovet sotsialistik respublikasi va Xorazm sovet sotsialistik res publikasi. 1924-yil oxirida esa, Buxoro va Xorazm davlatlari tugatilib, Markaziy Osiyo beshta sovet respublikasiga ajratildi.

Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyatining 1921- va 1922-yildagi Asosiy qonuni (Konstitut siyasi) 3-moddasida shunday band mavjud:
“Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati o‘zining bugungi sarhadlari (chegaralari) ichida birlashgan, bo‘linmayturgan erkli (mustaqil) davlat deb taniladir”.

(Bu so‘zlar Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyatining asosiy qonunidan o‘zgartirilmasdan aynan olindi)

Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan yozilib, Moskvadagi Davlat dumasi Musulmonlar fraksiyasiga 1907-yil noyabr oyida topshirilgan noyob “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi ham Qrim, Qo‘qon, Orenburg va Ufada 1917–1918-yillardagi to‘rtta muxtoriyat hukumatlari hamda 1918–1920-yillarda uchta mustaqil davlat bo‘lgan Ozarbayjon, Buxoro va Xorazm jumhuriyatlarining e’lon etilishiga ta’sir o‘tkazgan muhim tarixiy hujjatdir. Behbudiyning “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasidan o‘n yil keyin jadidlar rahbarligida to‘rtta muxtor hukumat, 11 va 13-yildan keyin esa uchta mustaqil davlat tuzildi. Mahmudxo‘ja Behbudiy so‘zsiz I.Gʻas piralidan keyingi eng atoqli jadid yetakchi hisoblanadi. Behbudiyning fikr-g‘oyalari faqat Turkistondagina emas, balki Chor Rossiyasidagi barcha musulmon xalqlar yashay digan hududlarda ham ulkan iz qoldirgan.

Temur XO‘JAO‘G‘LI,
Michigan davlat universiteti faxriy professori,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori