O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

Sharq va Gʻarb kitobot sanʼatini sintez qilgan oʻzbekistonlik “kitob doktori”

Sharq va Gʻarb kitobot sanʼatini sintez qilgan oʻzbekistonlik “kitob doktori”
4,896 views
27 June 2024 - 0:26

Dijimodernizm davridan oldin, qadim zamonlar – XX asr kutubxonalarida qaytarish sharti bilan uyda oʻqish uchun kitoblar berilgan. Bunday kitoblarning qaysidir betidan chiqqan qurigan chuchmoma, rayhon yoki lolaqizgʻaldoq sirli xabarday edi: avvalgi kitobxonning taassurotini navbatdagi oʻquvchiga yetkazar, gapirib berardi. Muqova sovet minimalizmi uslubida, lekin kitob ichidagi qurigan gul unga hayot bagʻishlardi goʻyo. U vaqtlar oʻtdi. Bugun esa kitob grafikasi tushkunlik davrini oʻtyapti, nazarimda. Sunʼiy aql ushbu sanʼat turi ichiga ham kirib keldi. U internet ichidagi elementlarni soniyalar ichida yigʻib, kitob ornamentini yasaydi. Ammo fahmli koʻz unda biror narsa, narsa emas, hayot yoʻqligini fahmlaydi. Sunʼiy aqlning nafasi yoʻq-da, kuf-suf qilolmaydi!

***

2013-2023-yillarda “Akademnashr” nashriyoti shoir Rauf Parfining ikki tomligini chop etdi. Kitob sotuvga chiqqandan keyin bir taniqli yozuvchi muqovani koʻrib, “Bu kitob bezagiku shedevr! Lekin bu shedevrni shoirning oʻzi koʻrmagani fojiada!» degandi. Ayni ikki tomlik Oʻzbekiston kitob ornamentida katta yutuq boʻldi. Intellektual qatlam kitobning jahon standartlariga mos kelishini eʼtirof etdi – ular juda tez sotilib ketdi…

Muqova muallifi Bahriddin Bozorovning uslubi ayni kitob bezagida tiniq ochilgan. Ijodkor yayrab ishlagan; maksimal darajada tezlik olingan, maksimal darajada minimallikka erishilgan, maksimal darajada bezakdan qochilgan, bezakda bayon uslubi nollashtirilgan, natijada ichkari tashqariga sizib chiqqan. Rassom kitob bezagini ham muallifga yuklagan. (Shoir sheʼr yozgani yetmaydimi, yana bezashi ham kerakmi?) Kitob illyustratsiyasi esa sheʼrlar bilan birlashib ketgan. Shriftlar koʻzga koʻrinmaydi yaʼni ularning qogʻoz bilan yaxlitligi, koʻzni qamashtirmaydi, oʻqishga xalaqit bermaydi.

Oʻtgan asrning 60-yillardagi kitoblarda shunday holni uchratasiz – shriftlar qogʻoz bilan uygʻun, koʻzni charchatmaydi, qamashtirmaydi, asab tolalarini sergaklantirmaydi. Bozorovning uslubida shu omil muhim oʻrin tutadi. Bugungi aksar kitoblarni esa koʻzoynaksiz oʻqish qiyin. Chunki kitob qogʻozi va shriftlar bir-biriga yopishmaydi. Harflar katta-kichikligi va asar maʼnosi oʻrtasidagi bogʻliqlikka ham eʼtibor berilmaydi. Koʻz sergak tortadi, charchaydi, asab tolalari ogʻrinadi. Oʻz ishining maestrosi Bahriddin Bozorov esa buni eʼtibordan qoldirmaydi. Aslida shrift tanlash oson emasligini rassom tayyorlagan kitoblardan bilish mumkin.

Bahriddin Bozorov kitob grafikasida Iskandar Ikromovni ustozim deydi. Lekin u 1972-yil Xudoning rahmatiga qovushganku? Bahriddin Bozorov boʻlsa shu yili tugʻilgan. Savolimizga javoban Bozorov “Iskandar Ikromov gʻoyibona ustozim. Maktab davrida kitob muqovalarida uning chizganlarini koʻrib, mehrim tushib bu sanʼatni oʻrgandim. Sohadagi jarayonga kirishimga esa Oʻzbekiston sanʼat arbobi Baxtiyor Toʻrayev sababchi boʻlgan. Baxtiyor aka hozirgacha hayotda ham, ijodda ham ustozlik qiladi. Ulardan juda minnatdorman”, deydi.

Ijodkorning gʻoyibona ustozi Iskandar Ikromov oʻzbek kitob grafika sanʼati maktabini yaratgan. U Navoiy, Lutfiy, Oybek, Gʻafur Gʻulom kitoblarining muqovalarini ishlagan. Qoʻlyozma kitoblardagi ornament motivlarni muqovalarga koʻchiradi; uning oʻsimliksimon geometrik naqshlari muqovada bezandi. Bu rassom haqida yozuvchi Oybek shunday yozgan:

“Birinchi oʻzbek rassom-poligrafi – kitob “doktori”, doʻstimiz Iskandar ishini sevadi. Uning ishlaridagi hamma shtrix va liniyalardan rassom samimiyati va asarining orginalligi koʻrinib turadi. Iskandar, har bir isteʼdod egasi kabi, liniyalar va ranglar sirini biladi. Ularga jon beradi. Harakatga keltiradi”.

Oybekning bu eʼtirofi Iskandar Ikromov maktabining davomchisi Bahriddin Bozorov uchun ham aytilganday. Bahriddin Bozorov sharq va gʻarb kitobot sanʼatini sintez qildi. Shriftlar oʻyinini boyitdi. Illyustratsiyada gʻoyani birinchi planga chiqardi. Minimalizm va boy tasvir oʻrtasida koʻprik qolmadi. Rang-baranglik kitob grafikasida odatiy holga aylandi. Rassomning koʻp yillar ichida yaratgan asarlari koʻz oldimizdan oʻtganda shu kabi fikrlar keladi. Ijodkorning asarlarini toʻplab koʻrgazma tashkil qilinsa, oʻzbek sanʼati uchun ajoyib yangilik boʻlardi, nazarimda. Katta ilhom va isteʼdod bilan yaratilgan kitob muqovalari rasmlari ramkalarga ilinib, koʻrgazma zaliga qoʻyilishini tasavvur qilishning oʻzi ajoyib. Umid qilamanki, bu orzuyimiz tez orada roʻyobga chiqajak.

Murod CHOVUSH,
yozuvchi