O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

So‘zumni o‘qub, anglag‘aysen o‘zumni

So‘zumni o‘qub, anglag‘aysen o‘zumni
277 views
05 August 2021 - 14:40

Bobur nisbatan qisqa umr kechirgan bo’lsa-da, shu qisqa umrida turkiy adabiyot rivojiga yaxshigina hissa qo‘shgan. Hajman katta bo‘lmagan lirik merosi mavzuning rangdorligi, g‘oyaning to‘qligi, falsafaning teranligi, badiyatning o‘tkirligi, mohiyatning salmog’i, bayonning nafisligi bilan o‘zining balog‘atini topganki, bu borada undan o‘tsa “imomlikka faqat Navoiy o‘tgay” 3.

Boburning tiriklik vaqtidayoq umri davomida yaratgan lirik asarlarini ikkita devonga jamlagani “Boburnoma”asaridan keltirilgan quyidagi xotiralar bilan sobitdir. “Hofiz Mir kotibning og‘a- inisi Samarqanddan kelib erdi, bu fursatta Samarqandga ruxsat berib, Po‘lot Sultonga devonimni yubordim” 4.

Ammo devonning, an’anaviy qolipga nomuvofiqligi , nomukammaligi quyidagi ruboyi orqali anglashiladi.

Devonima ne rabtu, ne tartibdurur,

Ne jadval-u, ne lavhu ne tazhibdir.

Gar sanga yubordim ani, ayb aylamakim,

Devoningni tilarga taqribdurur.

Bobur mumtoz lirikaning sakkiz janrida ijod qilgan. Bular quyidagi ma‘lumot bilan tartib qilindi.

*126 ta g‘azal(tasi to‘liqsiz)

* 2 ta masnu’ she’r

* 12 ta masnaviy

*23 ta qit’a

*20 tuyuq

*117 ta fard

*54 ta muammo

* 230 ta ruboyi

Ushbu janrlarning barchasida Bobur go‘zal va nafis ijod namunalarini yaratgan.Bu ijod namunalarining ichida uning ruboyilari alohida ahamiyatga ega. Chunki ruboyi – Bobur ma‘rifatining eng oliy nuqtasi.

Ruboyi- Sharq mumtoz  she’riyatining yuragi bo‘lgan lirik  janr. Garchi bu janr arabcha nomlansa-da,(ruboyi-to‘rtlik)dastlab forsiy adabiyotda paydo bo‘lib, keyin turkiy adabiyotga o‘tgan. Fors adabiyotida ruboyining yuksak ijodkori degan martaba  Umar Xayyomga nisbat berilsa, turkiy adabiyotda bu janrning haddi a’losiga yetgan balag‘atli ifodasiga sohiblik Bobur Mirzoga loyiq deb topilgan.

Ruboyi garchi to‘rt misralik janr bo‘lsa-da, u to‘rtlikdan farqli o‘laroq unda vazn muvofiqligi ham bo‘lishi kerak. Qisqa, lo‘nda va tugal mazmunni ifodalashi shart qilingan bu janrning mag‘zini g‘oya, maqsad, dalil va xulosa tashkil etadi. Dastlabki ikki satri g‘oya va maqsadni, keyingi ikki satri dalil va xulosani jamlashi shart.

Demak, bundan anglashiladiki, bu janrda qalam surish ijodkordan zo‘r mahoratni, zukkolik va zarofatni talab qiladi.

Boburning ruboyilarida xuddi shunday talablarga javob beradigan,o‘qilganda har biri kishiga mustaqil asar sifatida taassurot qoldiradigan xususiyat jamlangan. Ruboyilar bizga Boburning kechmish hayotini “so‘zlab beradi”. Ruboyilarni shavq bilan, diqqat bilan o‘qigan kishining ongida, eng avvalo, yaqqol tasvir, keyin shu tasvirga muvofiq ohang, yakunda esa falsafiy xulosa hosil bo‘lishi, shubhasiz. Bobur ichki dunyosining ko‘zgusi ular. Bobur ruhiy olamining tarjimoni ular. Ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan turkiy dunyo uchun Bobur noyob hodisadir. Shubhasiz. Balki uning shaxsi va faoliyatiga oid fikr-xulosalar hanuz o‘zining to‘xtash nuqtasiga yetmaganligining boisi ham shundandir.

Bobur ruboyilarini mavzu jihatdan quyidagi turkumlarga bo’lamiz.

Hasbi hol;

Falsafiy;

Itimoiy;

Ma’rifiy.  Bobur bu turkumlarning barchsida badiiy yuksak, jozibali namunalarni yaratgan. Do’stga sadoqat, vatanparvarlik, hayotga tashnalik kabi ruboyilari bilan bir qatorda komil musulmon lafzi bilan bitilgan bir qancha ruboyilari borki, quyida biz ushbu ruboyilardan namunalar sharhlashga harakat qilsak.

Bobur-iymoni mukammal, sof islomiy e’tiqoddagi kishi edi. U butun umri davomida o‘z e’tiqodida sodiq qolgan, suronli hayotining tahlikali, og‘ir damlarida ham,” o‘gay taqdir” aziyatlarida ham, umri mobaynida turli musibat va balolar bn sinalganda ham buni faqat Ollohning irodasi deb qaragan, yolg‘iz Ollohdan madad tilagan, tavakkulni  O‘ziga qilganBandaning Allohga tavakkul qilishi uning iymoni komil ekanidan dalolatdir.Chunki tavakkul qilgan kishi avlodlariga, mulklariga mag‘rur bo‘lmay,mushkullarini faqat Allohga havola qiladilar. Tavakkul mo‘minning qalbiga quvvat, ruhiga taskin beradi.Bobur eng avvalo Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, taqdiri azalga, o‘limdan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirgan jismonan va ma‘nan pokiza dil sohibi edi. Zotan bu Bobur ma‘rifatining asos nuqtasidir.

♦♦♦♦♦

Yo qahr-u g‘azabing bn meni tuproq qil,

Yo bah-ru inoyatingda mustag‘roq qil.

Sendadir yuzim, qaro xoh oq qil,

Har nav’ sening rizong erur, andoq qil.

 

Ushbu ruboyida Hazrati Bobur iymon ruknlaridan biri bo‘lgan-unga ishonganda kishini mo‘minlik darajasiga ko‘taruvchi qazoyi qadarga, har ne yomonlik va har nav  yaxshilik Ollohning azaliy va abadiy ilmi ila jamiki maxluqotlarga qudrat qalami bn yozib, belgilab qo‘yilganligiga dildan iqrori qad rostlab turibdi. Bizga ma’lumki Bobur bolaligidan to umrining oxirgi pallasigacha notinch va halovatsiz umr kechirgan. Ruboyi zohiran shu kayfiyatni , ya’ni taqdirdan zorlanish, unga iddao mazmunini  bersa-da, biroq, Boburning  bolaligidan islom dini aqidalari asosida tarbiyalangani, ijodida tasavvuf adabiyotining nafasi yaqqol aks etib turganini nazarda tutadigan bo‘lsak,ruboyining markazidagi,  botindagi mazmun- komil insonning o‘z Yaratuvchisiga munojoti ekanligiga amin bo‘lamiz.

 

Yo qahr-u g‘azabing bn meni tuproq qil,

Yo bah-ru inoyatingda mustag‘roq qil.

 

Tuproq-insonning yaralish manbayi aslida. ”Alloh odamni jonsiz tuproqdan yaratdi va unga o‘z ruhidan puflab jon ato etdi” (Rohman surasi, 14-oyat). So‘ngra qaytib borish ham yana  aslga, tuproqqa..Misradagi mazmun shuki  tuproq hamma bosib o‘tadigan oyoq ostida, pastda, tubanda bo‘lgani sabab, yo aziz qilib dargahingga ol, yoki xor aylab, tuproq qil. Ikkinchi misrada umidvorlik, ya’ni marhamating bn inoyat dengiziga g‘arq qil, cho‘mdir.“Alloh odamlarga rahmatini ochsa, bas,uni ushlab qoluvchi yo‘qdur. Agar Alloh bu rahmatni ushlab qolsa, uni qo‘yib yuboruvchi yo‘q””Fotir”, 2-oyat .Ya‘ni Sening qazoyingni  hech bir rad qiluvchi yo‘qki rad qilolsa, hech bir ortga suruvchi yo‘qki ortga sursa, hech bir g‘olib yo‘qki g‘olib kelsa. Balki sen o‘zing bandalaring ustida g‘olibsan.Qahhorsan, xohlagancha hukm qilasan. Ya‘ni menga nimani taqdir qilgan bo‘lsang, nimani ravo ko‘rsang sening ixtiyoring, men bu taqdirdan malomat qilmayman degan mazmun yuqoridagi oyat mazmun -mohiyati bn muvofiq kelishi fikrimizning tasdig‘idir.Ulug‘lar aytadiki,  bandaning Allohga eng yaqin bo‘lgani -uning taqsimi ilohiysiga eng ko‘p rozi bo‘lganidir . Bobur esa o‘ziga bitilgan taqdirga ilohiy bir hukm deb qaragan.

 

Sendadir yuzim, qaro xoh oq qil,

Har nav’ sening rizong erur, andoq qil.

 

“Yuzim senda” iqrorining o‘ziga yana bir oyat asos bo‘lib, muhtasham bir niyatning  maqsad qilinganligiga dalil. ”Kimki yaxshilik qilgan holda, muhsin holda yuzini Ollohga bo‘ysundirsa, Robbi huzurida unga ajr muhayyodir. Ularga xavf yo‘q, ular xafa ham bo‘lmaslar” (”Baqara”, 112-oyat) Yuz -inson a’zolari ichida eng oliysi hisoblanadi. Yuzni Ollohga bo‘ysundirish esa yuz egasining butun vujudini Ollohga topshirganini bildiradi. Alloh taaloning huzurida qabul bo‘ladigan amalning birinchi sharti- butun vujudi ila Allohga ixlos qilishi. Yuz egasi bundan aslo xafa bo‘lmaydi va xavfga tushmaydi. Chunki banda taslimiyatni yolg‘iz Ollohga qilsagina, tasallini O‘zidan topadi. Haqiqiy erkinlik va xotirjamlik mana shu taslimiyatda. Yuzning qaro yoxud oq bo‘lishi ya’ni shunday qilinishi ham Allohning qudrati va marhamati bn bo‘ladi. Bobur bu dunyodagi taqdiridan roziligini bayoni bn bir qatorda ,qiyomat kunidagi Robbi huzuriga qora-gunohkor yuz bn, yoxud oq-yorug‘ yuz bn yuzlanishidagi amrni ham Olloh roziligi deb qabul qilyapti. Qora yuz-ginohkor yuz ustiga azobni ravo ko‘rsang ham, yorug‘ yuz- ajr, rahmatingda abadiy qoldirsang ham roziman deydi…Chunki  Hadisi sharifda keltirilganidek:” Albatta, mukofotning kattaligi baloning kattaligiga qarab bo‘ladi, kim rozi bo‘lsa,unga rizolik bo‘ladi, kim g‘azab qilsa, unga g‘azab bo‘ladi” Anas roziyollohu anhudan rivoyat qilingan.  Demak, bu dunyo va oxiratning yagona hokimi Allohning o‘zidir. Shunday bo‘lgach, bandaning isyonga ne haddu ne holi bor..O‘z foydasi uchun hujjat bo‘ladigan bundayin taslimiyatni barcha bandalaringga tilida zikri, dilida iqrori bn  bo‘lishini nasib ayla, yo Robbul olamiyn!!

♦♦♦♦♦

Yakson karaming qoshida mudbir-u, muqbil,

Oson sening ollingda jamiyi mushkil.

Yo lutf-u inoyatingni oncha qilki, ko‘taray,

Yo qahr-u g‘azabingni toqatim boricha qil.

 

Ruboyi iymon ruknlaridan biri bo‘lgan qazoyi qadarni muqarrarligining iqrori ustog‘iga qurilgan bo‘lib, u mazmun jihatdan ma’rifiy -e’tiqodiy turkumga kiradi.

 

Yakson karaming qoshida mudbir-u muqbil,

Oson sening ollingda jamyi mushkul.

 

Alloh taologa iymonda mustahkam mo‘min bandaning o‘z yaratuvchisiga ”Ey Allohim,  sening marhamating ,lutfing qoshida, baxtsiz-u baxtli, oqil-u nodon teng, sening uchun farqsiz, chunki sening cheksiz qudrating oldida dunyoning jamiki bitishi qiyin, ilojsiz ishi oson, bir lahzalikdir ” deyishi, bu bilan o‘zini banda ekanligini izhor qilish ne qadar sharaf!

Har bir narsa uning (Allohning) taqdiri va xohishi bilan joriy bo‘lur.Uning xohishi amalga oshur, bandalarning emas.U zot bandalarga nimani xohlasa bo‘ladi, nimani istamasa bo‘lmaydi.Hech bir narsa: borliq olamdagi ro‘y beradigan biror hodisa Allohning hukmidan tashqarida bo‘lmas. Bandaga yetadigan xushvaqtlik, mol-dunyo, amal- martaba, obro’-e’tibor Allohning fazli bilan bo‘lgani kabi,g‘am -qayg‘u,bemor-muhtojlik, musibat ham faqat o‘zining amri bilan vojib bo‘lur.Irodasi bilan hukm qilinur.Marhamati bilan savob-ajrdan nasibador qilsa ham o‘zining qudrati.Xohishi bilan bandani hidoyatga yo‘llasi ham bu rahmon sifatidir.Chunki bu dunyoning maliki O‘zi ekan, borliqning tadbiri ham uning qo‘lida.Allohning xohishi barcha narsadan ustunligi quyida keltiriladigan oyatlar bilan sobit qilingandir.

1.”U qilayotgan ishidan so‘ralmas, balki unga hisobot berilur” .”Anbiyo”  surasi, 23-oyat.

2.”Chunki u nimani xohlasa qiladigan Zotdir”.”Buruj” surasi, 18-oyat.

3.”Alloh nimani iroda etsa, shuni hukm qiladi” ,”Moida” surasi, 1-oyat..

  1. ”Ayting, barcha ish Allohga oiddir” ,”Oli Imron” surasi, 154-oyat.

Yuqorida keltirilgan oyatlardan tafakkur qilgan kishi,, qazoyi qadar insonning xohishi va fe’lidan xorijda, buning haqiqatiga yetishdan inson bolasi ojiz va bundan qaytarilganligi haqida eslatma bor.Qazoyi qadarga shak keltirgan kishi osiy bo‘lur.

Unga shaksiz ishongan kishiga Alloh mo‘minlik darajasini berur.

 

Yo lutf-u inoyatingni oncha qilki ko‘taray,

Yo qahri g‘azabingni toqatim boricha qil.

 

Bu satrlarda zohiran taqdirga, Allohga nisbatan biroz iddao bordek tuyulsa-da, botinda buning aksi tajalli etgan.Banda ,xususan,  Bobur ham ayb-nuqsonlardan xoli emas. Xato- kamchiliklardan ayro emas.Beayb yolg‘iz Parvardigor! Ibtidosining ozuqasi xom bo‘lgan banda bu sinov dunyoda yanglishmog‘i, ayb qilmog‘i muqarrar! Ba’zan tevarak-muhit shu qadar kirlanib, shu qadar tang bo‘ladiki, kishi beixtiyor Allohga iztirob aralash isyon bilan, ba’zan da’vo-malomat bilan murojaat qiladi. Ba’zan inson o‘ziga yetgan musibatni ortida mukofoti tayinbo‘lgan  bir sinov, yoxud qaysidir gunohi uchun kaforat o‘laroq qabul qilmay, bunga sabri yetmay,natijada ”Ey ,Alloh, qaysi gunohlarim uchun menga bunday dardni (taqdirni, jazoni) berding.Meni shu azoblar uchun yaratganmiding” degan xitoblarni qilishi ham  bor gap.Bobur ,avvalo, odam, tirik jon. Boz ustiga uning kechmish umrida bunday satrlarni bitishga sabab bo‘lgan vaziyat , she’rlari ortidagi kayfiyat, ruhiyatni ham ko‘zdan qochirmaslik kerak.Buyuk zotlar hayoti, kechmishida bunday kayfiyatdagi holatlar va she’rlar oz emas.

Masalan, Mansur Halloj ”Analhaq”likni da’vo qilganda, buning haqiqati, asl mohiyatini –o‘zining Xudomasligini   bilmasmidi?  Yoki Boyazid Bistomiyning  ilhomi qiyomiga yetib ,”  Subhoniy, subhoniy, mo azmi sha’niy ” ya’ni  ”Martabam ulug‘ligini, sha’nim sharaflanganligini ko‘ring” deydi.              E’tiqod ilmi nuqtai nazaridan qaralganda , bunga u haqlimi edi? Axir  u o‘ziga nisbat bergan sifatlar bilan yolg‘iz Haq taoloning o‘zi sharafli-ku!! Gap shundaki,   Halloj ham, Bistomiy ham o‘zining Xudomasligini bilardi. Unda nega bunday gapni aytdi ular?    Gap shuki, bunda tasavvufning ulkan ko‘rinishi bor. Vahdatul vujud ta’limotining    ko‘rinishi bu.

Mashrab ijodida ham shunday kayfiyatdagi satrlar bor. Mashrab  bir she’rida  “Arshning kungurasiga oyog‘imni qo‘ydim”, – desa, bir she’rida ”Lomakonni na qilay” deydi. Umar Xayyom ne deydi?

 

Falakka hukm etar tangriday bo‘lsam,

Falakni qilardim o‘rtadan baham.

Yangidan shunday bir falak tuzardim,

Yaxshilar falakka yetardi u dam.

 

Bu satrlarni yuzaki qabul qilib, Xayyom ,Mashrabni dahriylikda ayblab bo‘lafimi?

Ularni shunday satrlarni yozishga majbur qilgan ixtiyordan tashqari bir sabab bo‘lgan.

Ruboyi tahlilida davom etsak.

 

Yo lutfi inoyatingni oncha qilki ko‘taray,

Yo qahr-u g‘azabingni toqatim boricha qil!

 

Yo menga  beradigan marhamat -ehsoningni men ko‘taradigan darajada me’yor qilki  ko‘taray, yoki qahr-u g‘azabingni mening sabrim yetguncha qil, ortiq etma, toqatim yetkancha qil.

Ba’zan aqlga bo‘ysunmagan sarkash ko‘ngilning tildagi iddaosimi bu?

Ruboyining botiniga sinchiklab qaraylik-chi, mohiyat ne ekan.

Bobur hanafiy mazhabidagi toza e‘tiqod sohibi edi.E’tiqod ilmining bilimdoni, fiqh ilmining olimi edi. Insonning qudrati va toqati uning biror ishga layoqati bilan belgilanadi.” Lutf-u inoyatingni oncha qilki ko‘taray” ning haqiqati quyidagi oyatlardan ilhom olgan bo‘lsa-chi? “Toki ketgan narsaga qayg‘urib, kelgan narsadan xursand bo‘lmasligingiz uchun . Alloh barcha dimog‘dorlar va maqtanchoqlarni suymas” ,”Hadid” surasi, 23- oyat. Banda shoshqaloq. Ba’zan lutf-u inoyatini uning fazlidan ekanini unutib,g‘ururga ketadi. G‘urur quyuqlashsa u kibrga aylanishi muqarrar. Kibrning samarasini esa Iblisning xotimasidan, Qorunning oqibatidan bilamiz.

Bobur ruboyida ko‘zda tutgan g‘oya ham shu aslan. Alloh bandalariga o‘ta mehribon. U Rahmon. U  Rahiym. Marhamati bilan bandasining ozgina amalinining hosilasini bir necha ziyoda savob bilan siylar.Fazli bilan kechirib yuborsa ham, bu uning      sifatidan.

”Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas”, ” Baqara” surasi ,186-oyat. Allohning taklifi ,yani qaytarig‘i, buyrug‘i insonning toqati va imkoniyati ,kuchi va qudratining holi chegarasidan tashqari bo‘lmas.Chunki ,”Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va qiyinchilkni xohlamaydi”, ” Baqara” surasi , 185-oyat.

Shunday. O‘zi yaratgan bandasining qobiliyati, layoqatining hisob-o‘lchovini bilgan Zotga hamdlar bo‘lsin!

Ruboyini Boburning Allohga bo‘lgan iltijosi, duosi deb qarash mohiyatning ravshanligini ta’min etadi. Lug‘atda “iltijo”,  ”o‘tinch”, deb nomlangan bu so‘z, istilohda bandaning faqirligini , hojatmandligini va muteligini qodir Allohga izhor qilib manfaatlarni chorlashni zararlarini daf qilishni so‘rashi bilan izohlanadi. ”Chunki Allohning ”Agar bandalarim sendan meni so‘rasalar, men albatta yaqinman. Duo qilguvchi duo so‘raganda ijobat qilurman” ( “Baqara” 186-oyat) degan va’dasi bor

Demak, Allohning ulug‘ligi oldida bandaning holi hech bir qiymatsiz ekanligining bayoni ruboyi botinida joy olgan ekan.

Alloh  o‘zini tanigan har bandasiga faqir  ekanini tafakkur qilish ne’matini bersin.

♦♦♦♦♦

Ruhim yaratib eding latofat birla,

Qilding anga tanni ofat hamroh birla.

Ruhimni tan uyiga kelturding pok,

Mundin bori eltma kasofat birla.

Ruh masalasi  ko‘pgina lirik shoirlar ijodida talqin qilinganini  nazarda tutsak, uning abadiy mavzu ekanligini ayon bo‘ladi

E‘tiqodiy mavzudagi bu ruboyi insonning ibtidosi beg‘ubor bo‘lgani, yaralmish manziliga qaytguniga qadar kechgan oraliq vaqtda bu ruhning aslidan o‘zgargani bayoni bilan boshlanadi.

 

Ruhim yaratib eding latofat birla,

Qilding anga tanni ofat hamroh birla.

 

Alloh Taolo insonni tuproqdan yaratganligini, ya’ni mabdamiz tuproqligini O‘zining kitobida shunday marhamat qiladi:

1.”Alloh insonni (Odam atoni) sopolga o‘xshagan qurigan loydan yaratdi” ”(Rohman” surasi, 14-oyat)

2.”U sizlarni loydan yaratib, so‘ngra ajalni (tiriklik muddatini) belgilab qo‘ygan zotdir”,”An‘om” surasi, 2-oyat)

Bundan kelib chiqadiki, tuproqdan yasalgan jismga Alloh o‘z ruhidan puflab, unga jon ato etadi .Bu ruh ilohiy olamdan chiqib inson tanasiga kiradi va jismga birikib bir butunlikni tarkib topdiradi.

Ruhning yaratilishini Bobur latofat bilan, beg‘ubor deb ataydi.Albatta, inson ruhi Oliy Ruhdan uzilgan, ajralgan bir zarra bo‘lar ekan, uning latofat bilan yaratilganiga hech bir shubha yo‘q.Eng oliy dargohda, mutlaq pok Zot tomonidan yaratilgan yaratiq qanday ham nuqsonli bo‘lsin?!

”Batahqiq, biz odamni eng yaxshi suratda yaratdik”,”Tiyn” s urasi, 4- oyatning boshi.

Inson umri davomida Mutlaq ruh tomonga ,ruhiy o‘zligiga ,asliga intilib, aslini izlab yashashining tub sababi, mohiyati ham shundadir balki

Rumiy deydiki: “Tingla, nay nelarni hikoyat qilur,

Ayriliqlardan shikoyat qilur.

Insonning ruhi uning o‘zligi ,ya’ni bunda ruh deyilganda jon nazarda tutilyapti. Ruh avvalo inson badaniga u ona qornida homila bo‘lgan davrda bog‘lanadiJismni bir shakl, ruhni uning mazmuni deb oladigan bo‘lsak,insonning tiriklikdagi hayoti shu ikki unsurning birikuvidan tashkil topadi. Chunki ruh jonli narsalarda hayotning asosi bo‘lib, o‘sha jonli narsa  unga ruhning puflanishi bilan tirik bo‘ladi. Bobur jonning tanga qo‘shiluvini hamrohligini ofat -balo deb atayapti. Nega ekan?

Ruboyining keyingi misralaridan buning sababini izlaymiz.

 

Ruhimni tan uyiga kelturding pok,

Mundan bori eltma kasofat birla .

 

“Ruhning bog‘lanuvi to‘rt ko‘rinishda bo‘ladi:

1.Ruhning inson badaniga u ona qornida homila bo‘lgan davrda bog‘lanishi.

2.Qorindan yer yuziga chiqqandan keyingi bog‘lanishi( tan hamrohligi)

3.Uyqu holatida bog‘lanuvi.

4.O‘lgandan so‘ng barzaxda bog‘lanuvi, agar euh badandan ajralib chiqsa ham uni butunlay tark etmaydi. Balki zarur paytida qaytib turadi.

Ruhim to tanimga kirguniga qadar sof, beg‘ubor edi. Endi yana huzuringga qaytishimda ham shu holda elt meni, osiy, gunohkor, bulg‘anch holda borishdan o‘zing qo‘ri!

Vafot qilgan kishi ga ”Inna lillahi va inna ilayhi rojiun” deyiladi.Ya’ni biz Allohnikimiz, qaytish ham yana ungadir. Xalqda buni soddagina qilib, falonchi qaytish qilibdi deyiladi. Omonat qilib berilgan jonni egasiga eltamiz. Ega (Alloh)ga qaytish aslidagidek bo‘ladimi yoki tamom  o‘zgargan holdami? Bug‘doy yanchilib, unga aylangach, shakli o‘zgaradi, undan non qilib tandirda pishirilgach, yana bug‘doy tusiga kiradi. Shaklini saqlab qoladi, mazmun o‘zgaradi.

Ruhni  ,asl manbaga  qaytishida unga berilgan omonat jonni  poklab qaytarsagina u ilohiy makonda rad etilmaydi.Ruhning pokligiga erishish uchun banda qanday sinov bilan imtihon qilinadi? ”Badanda bir parcha go‘sht bor. Agar u aynisa, butun tana ayniydi. Bu -qalbdir”. Bundan shunday ma‘no sezimi borki, demak qalb jismning asosi ekan,qolgan barcha a’zolar uning tevaragida harakat qiladilar.Hukmini bajaradilar. Yetovida bo‘ladilar.    Qalbning kushandasi nafs. Nafsning kushandasi ishq.Har bir dardning davosi bor. Har Har Fir‘avning Musosi bor.

Insonning qalbida neki go‘zal xislatlar( xushxulqlik, halollik, omonatdorlik, rostgo‘ylik, saxiylik, hilm) bor bu- ishqdir.

Magar qalbda ruhni bulg‘ovchi neki yomon illatlar (  badxulqlik, haramdan hazar qilmaslik, yolg‘onchilik, munofiqlik, baxillik, hasad, ig‘vo) bor – bu nafsdir.

Bu ikki tushuncha dunyo yaralibdiki azaliy va abadiy kurashda (Qobil va Hobil qissasi)

Agar nafs qalbning amriga bo‘ysunib qalbdagi illatlarni o‘ldirsa, nafsini kirlatmasa ,u xotirjamdir.

Alloh Taolo marhamat qiladiki” Ey xotirjam, sokin jon, sen rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan holda Parvardigoring huzuriga qayt” ,”Val fajr ”surasi, 27-28 oyatlar.

Magaram ”Parvardigorimning o‘zi rahm qilmasa, nafs albatta yomonlikka buturguvchidir”,” Yusuf” surasi, 53- oyat.

Boburning bu ruboyisi ruhiy tarbiya, tasavvufning eng muhim sabog‘i bo‘lib, yolg‘iz o‘ziga emas, butun ahli muslimga , insoniyatga daxldordir.Alloh barchamizga xotirjam, sokin jonni ato etib, huzuri ilohiyga pokiza borishni nasib  aylasin!

 

♦♦♦♦♦

Gar sidq bila birovkim oshiq bo‘lg‘ay,

Ma’shuq visoli anga loyiq bo‘lgay

Pir oldida topqusi murodin beshak

Har kimki agar muridi sodiq bo‘lgay

Bu ruboyi sharhiga kirishar ekanmiz, Boburning tasavvuf ilmidan yaxshigina xabardorligini, avliyozot shayxlarning Alloh bergan ne’mati-karomatiga ishonadigan, hayoti davomida duch kelgan ko‘pgina mushkulotlarda ular ruhini vasila ilib, Allohga najot so‘ragani va bu najotga erishganini eslatib o‘tmoqni joiz deb bildik. Boburning yoshlikdagi piri Xoja Mavlonoyi Qozi edi. Bu zot Islom tarixidagi dastlabki to‘rt xalfa(chahoryorlar) avlodlaridan bo‘lgan Shayx Burhoniddin Qilich naslidan bo‘lib, temuriylarning Farg‘ona mulkida pir-ustozi sifatida shuhrat qozongan edi.Ulug‘ mutasavvuf olim bo‘lgan Xoja Mavlonoyi Qozi Umarshayx Mirzoning tasodifiy , fojeali vafoti kunlarida Boburga rahnamolik qilgan, to‘g‘ri yo‘lga boshlagan, keyinchalik ham unga ustozlik qilgan.

Bobur ulg‘ayib, yigitlik davriga yetgach, u ”Maxdumi A’zam” nomi bn mashhur bo‘lgan Said Ahmad ibn Jaloliddin Kosoniyni o‘ziga pir deb bilgan. Bu zot Bahouddin Naqshband sulukining Farg‘onadagi yirik vakili, ulug‘ mutasavvuf olim ,asli Hazrati Ali va Bibi Fotima avlodlaridan edi. U 30 yaqin asar yozganini olimlar qayd etishgan.

Boburning otasi Umarshayx Mirzo mashhur so‘fiy Xo‘ja Ahrorga murid edi. Bobur otasi yo‘lidan borib , Shayxga ixlos qo‘yadi, uning tariqatlari ruhida ulg‘ayadi va umrining oxiriga qadar shu e’tiqodda sodiq qoladi.

”Boburnoma”da o‘qiymiz:” Odina kuni oyning yigirma uchida harorate badanimda zohir bo‘ldi. Yakshanba kuni isitib, ozroq titradim. Seshanba kuni safar oyining yigirma yettisida hazrati Xoja Ubaydulloning ”Volidiya” risolasini nazm qilmoq xotirimga kechdi. Hazratning ruhig‘a iltijo qilib, ko‘nglumga kechirdumkim, agar bu manzum ul hazratning maqbuli bo‘lur, hud nechukkim, sohibi ”Qasidai Burda” ning qasidasi maqbul tushub, o‘zi aflij marizidan xalos bo‘ldi, men dog‘i bu orizadin qutulub,, nazmimning qabulig‘a dalile bo‘lsun. Intizom yo‘sunluq, har kun o‘n baytdin kam aytilmas edi.Tengri inoyati bila, hazratning himmatidin panjshanba kun oyning yigirma to‘qquzida andek afsurda bo‘ldi, bu orizadin xalos bo‘ldum.”

Bu bitiklardan ma’lum bo‘lyaptiki, Boburning hayotida Xoja Ahror juda yuksak maqomda, muhim o‘rinda bo‘lgan. Bobur uni o‘zining ma’naviy rahnamosi deb bilgan va undan kuch olgan. Ya’ni ,Bobur qattiq betoblanadi va pirining ruhiga iltijo qilib, uning asari tarjimasiga qo‘l uradi , tarjima yakunida batamom tuzalib ketadi.

Yoki Bobur hayotidagi eng fojeali voqea bo‘lgan Karnon voqeasini eslaylik. Muqarrar o‘lim xavfi bn yuzma-yuz kelgan Bobur, ikki rakaat namoz o‘qib, boshini sajdaga qo‘yib, munojotga ketganida ,bir zumga ko‘zi ilinib, uxlab qoladi va tushida Xoja Axrorning nevarasi Xoja Yaxyo uning xalos topishini bashorat qiladi.Bu yog‘iga hazrati Boburdan eshitamiz:” Dedilarkim :-G‘am yemangiz. Xoja Ahror meni sizga yubordilar. Dedilarkim , biz alarg‘a istionat tegurub, podshohlik masnadiga o‘lturg‘uzubbiz.

Har yerda mushkul ish tushsa, bizni nazarig‘a keltirub yod aylasun, biz anda hozir bo‘lurmiz. Holo ushbu soat fath va nusrat sizning soridir. Bosh ko‘taring, uyg‘oning.

O‘shal holda xushhol bo‘lub uyg‘ondimkim, Yusuf dorug‘a va hamrohlari bir-birig‘a maslahat qiladurlarkim, bahona qilib hayal qiladur ,tutub bog‘lamoq kerak.

Bu so‘zni men eshitib dedimki:– Sizlar bu yo‘sunluq so‘zlarsiz, ammo ko‘rayinkim, qaysingiz mening qoshimg‘a kela olursiz?.

Ollohning marhamati bn Boburni qutqargani kelgan navkarlardan biri– Qutlug‘ Muhammad Barlosnng tushiga ham Xoja Yahyo kirib, Boburning boshiga tushgan kulfatni va uning qay manzildaligini aytadi!!!

”Boburnoma”ni muhabbat bn o‘qigan kitobxon, Bobur muayyan bir shaxs haqida ta’rif berarkan, uning bir qator sifatlari bn bir qatordaXoja Ahrorga bo‘lgan munosabatini, albatta ta’kidlab o‘tadi.

Umarshayx Mirzo ta’rifida :”Hazrat Hoja Ubaydullog‘a irodati bor edi. Suhbatlariga bisyor musharraf bo‘lub edi. Hazrat Xoja ham farzand der edilar.

Sulton Ahmad Mirzo ta’rifda:”Hazrat Xojag‘a irodati bor edi.Hazrati Xoja murabbiy va muqavviy edilar.Bisyor muaddab bor edi.Alalxusus, Xoja suhbatida derlarkim ,hargiz tizi bir-biri tiziga yovutgan emasdur. Bir navvat Xoja suhbatda bar xilofi odat oyog‘ini yovutkab o‘lturubdir. Mirzo qo‘pgandin so‘ngra, Hazrat Xoja buyurubturlarkim, mirzo o‘lturgan yerni boqqaylar: bir so‘ngak bor ekandur.

Sulton Mahmud ta’rifida: ”Bad e’tiqod kishi edi. Hazrati Xojag‘a istixfof qilar edi.

Endi ruboyi sharhiga kirishsak.

Gar sidq bilaki birovki oshiq bo‘lgay

Ma’shuq visoli anga loyiq bo‘lgay

Sidq-poklik, to‘g‘rilik, to‘g‘ri yo‘l demakdir.Kimki Haq yo‘liga, Yaratganning rizoligi yo‘liga kirgan bo‘lsa,avvalo, Yaratuvchisini tanishi, uni sevishi va Yaratganga ham suyumli bo‘lishi shart. Bandaga Allohning mahbubi bo‘lish eng ulkan baxt bo‘lsa, Allohning bandaga muhabbati-ulkan bir ne’matdir.

Xo‘sh, oshiqlik nima o‘zi? Tasavvufda oshiqlik muhabbatning eng yuqori nuqtasi , Haqqa intilish, qalbni Allohga bog‘lamoq ma’nolarida izohlanadi.Tasavvufnin o‘zi ramzlarga ko‘milgan falsafa.

Tasavvuf–ruhiy – ma’naviy tarbiya bo‘lib, inson qalbidagi salby sifatlarni tozalab, o‘rniga pokiza sifatlarni baxsh etguvchi go‘zal bir ma’rifat yo‘lidir , axloq maktabidir.

Tasavvuf –dinning bir ustuni o‘laroq, bandani ixlos va rizo maqomiga yetishtiradigan bir ne’matdir.

Demak :-Oshiqlik -banda barcha amalida :zikrida, fikrida, ibodatida, hayot tarzining markazida Alloh rizoligini qo‘ymoq, Alloh rizoligini istamoq.

Oshiqlik- -irodasini Alloh irodasiga batamom bo‘ysundirib, qalbiga Alloh ishqini zarb qilish.

“Siddiqlar yo‘li bu-o‘zini unutar darajada Alloh Taoloning ulug‘ligi, holi,go‘zalligi va sifatlari to‘g‘risida fikr qilishdan huzurlanish” 1.

Chunki Allohga bo‘lgan ishq-kishiga yetadigan xayrotlarning bosh manbayi, moyasidir. Sababki Islomning asl mohiyati ham Alloh muhabbatidir. Muhabbatning boshqa barcha ko‘rinishlari( ota-onaga,do‘st-birodarga, qarindosh-qardoshga, borliq go‘zalligiga ) ana shu oliy ishq yo‘lidagi ko‘prikdir.

Bu ko‘prikdan yurish, manzilga yetish uchun kishiga albatta ma’rifat kerak.Ma’rifat esa botiniy amallarda sobitdir.Oshiqqa ma’shuq visoli loyiq bo‘ladigan manzil huzuri ilohiydir. Bu huzuri ilohiy-qabulga loyiq ,nasib bo‘lishning sharti Allohga maqbul bo‘lgan, Allohning bandalari uchun farz qilgan amrlariga bo‘ysunish, qaytariqlaridan qaytmoqlikdir.Buning nomi ibodatdir. Allohga qurbat hosil qilish uchun bajariladigan har bir amal-ibodatdir deyiladi muqaddas Kitobda. Islomda ibodat masalasi keng izohlanadi.Albatta, namoz, ro‘za, zakot, haj-islomning negizini tashkil etadi va musulmonlikning tasdig‘i ushbu ruknlarsiz mukammal bo‘lmaydi.Ammo ibodat anglamining boshqa tarmoqlari ham borki,bular ham ibodatning go‘zal shaklidir. Allohning amriga ,Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlariga muvofiq olib borilgan har qanday amal( halol rizq topish, ota-ona ziyoratini kanda qilmaslik, muhtojga saxovat qilish, bemorni yo‘qlash, yetimning haqiga doxil bo‘lmaslik)

”Agar Alloh uchun sevsang, muhabbat ham ibodatdir” (M. Kenjabek ijodida

Hadis: ”Alloh uchun chiqilgan yo‘lning oxiri-Jannatdir” 3

Pir oldida topgusi murodin beshak,

Har kimki agar muridi sodiq bo‘lsa.

Demak, kim sodiqlik bilan murid bo‘lsa,ya’ni sidq(to‘g‘rilik, poklik, to‘g‘ri yo‘l) ni murod qilsa( zotan muriddan maqsad muroddir) u Pir oldidagi odob bilan , Pir huzuridagi tarbiya bn, Pirdan olgan ma’rifat nuri orqali bu istagiga yetishadi.Oriflar ”Avval fusul, keyin vusul” deydilar.Ya’ni har bir ishning o‘z usuli bor. Har bir yo‘lning o‘z odobi bor. Yo‘lga kirgan oshiq uchun pir kerakmi? Ustozga ehtiyoj qay darajada? Ustozsiz biror sohani mukammal egallab bo‘lmas, shogird biror kasbni ustozsiz kamolga yetkaza olmas. Ruhni kamolga yetkazish uchun muridga albatta pir kerak Chunki ruh kamoloti ma’naviy kamolot, ma’rifiy kamolot bo‘lganligi bois bunga erishuv pirning vositasisiz amal topmas. Yo‘qsa,qosh qo‘yaman deb,koz chiqarar. Yo‘lga kiraman deb, yo‘ldan chiqar.

To‘g‘ri yo‘lga kimsa etgaydir amal,

Yo‘q esa ustozi topgaymu samar 4

Komil murshidning buyruqlariga bo‘ysunmagan va yo‘lning odobiga rozi bo‘lmagan kishi yolg‘iz o‘zi ”Qur’on” va ”Sunnat ”bn haqiqiy odobga ega bo‘lolmaydi.

Pir oldiga borgan har bir murid istagiga(ma’shuq vasliga) yetadimi? Yetsa, qanday qilib? Murid tushgan shogird o‘z ixtiyorini piriga batamom, mutlaq taslim qiladi. Go‘yoki :

-Qul -hojaga

Bemor tabibga topshirgan kabi

Bunda taslimiyatni zohir ma’nosiga emas, botin mazmuniga e’tibor qaratib, murshidga taslim bo‘lish–nafsning xohishiga emas, Alloh rizoligi uchun oldidagi rahbarga Haq yo‘lida tobe bo‘lmoqlik va nafs kirligidan qutulish deb qaralsa, mohiyat anglashiladi.Murshidga taslim bo‘lish -Alloh va Rasuliga taslimiyatni amalga oshirish yo‘lida birvositadir.

Chunki jism va nafs yo‘lidagi g‘ururni o‘ldirish uchun bu bir odobdir.

Rahbar (Pir) ning eng ulug‘i, mukammali bu– Payg‘ambar alayhissalomdir. Buning haqiqati ”Qur’on” oyatlari bn sobit bo‘lgandir.

”Ayting:”Agar Allohni sevsangizlar, menga (ya’ni Allohning Rasuliga) ergashinglar, shunda Alloh ham sizlarni sevgaydir”

Allohning sevgisini da’vo qilgan kishi Hazrati Payg‘ambarimizga ergashishi shartdir. Allohga muhabbatini da’vo qilgan kishining da’vosi Rasul alayhissalomga ergashishiga qarab hukm qilinadi

”Allohga va Rasuliga itoat qiling, bas, ortga qaytsangiz, Alloh albatta kofirlarga muhabbat qiladi”

Oyatda kelgan xabarning mohiyati shuki,Alloh muhabbatiga doxil bo‘lish–Alloh Taolo u kishini O‘z sirlariga mahram, sirdosh qilish bn ikrom etishidir. Hadisi qudsiyda bunday holga yetishgan bandasiga Alloh uning tilagan tilagini ato etishi bildiriladi.

Buyuk valiy zot imom Qushayriy murshidga ehtiyoj borasida shunday deydi:” Haqni izlagan kimsa, yaqin atrofida o‘zini irshod qiluvchi bir kimsa topilmasa,irshod vazifasi bo‘lgan bir murshidga borsin, u bo‘lgan manzilga hijrat qilsin, yonida qolib, tarbiya ko‘rib, o‘ziga ruxsat berilguniga qadar uning eshigidan ketmasin”

Hadis:”Fitnalar atrofni o‘rab turgan bir zamonda ,ibodatga yo‘nalgan kimsa xuddi menga hijrat qilgan kabidir”

Bir solik hayoti dunyodagi fitnalardan qochib, moddiy dunyoga qo‘l siltab,bir pir huzuriga borishi– Haq yo‘lidagi jamoatga oshiqishi, isyondan qochib taqvoga bag‘ir ochishi bu Alloh va Rasuli uchun qilingan hijrat turidir. Bu hijratning oxiri Alloh muhabbatining sazovorligi.

Ko‘rinadiki, Bobur garchi shohlik, hukmdorlik martabasida bo‘lsa-da, qalban darveshxulq edi.

Ehtimol,hindlarning Boburni ”Qalandarshoh” deb atagani ham shu xislatlarining hisobigadir.

Umuman, Bobur tasavvuf va tariqatni chuqur anglagan zot ekanligiga uning quyida keltiradiganimiz to‘rtligi go‘zal nazmiy dalolatdir

Yo falak! G‘aroyib bir ish qilmishsan,

Boshimga mangulik tashvish qilmishsan.

Ayt, mening o‘zimni shoh etib nechun.

Nechun yuragimni darvesh qilmishsan.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.” Boburnoma”

  1. G‘azzoliy ”Ihyoyi ulumid din” , ”Tafakkur kitobi” 2-bet ”Toshkent Islom universiteti matbaa birlashmasi . Toshkent-2007 -yil.

Tarjimon Bobomurod Erali

  1. Jaloliddin Rumiy, ”Nay nolasi”, 38-bet. Toshkent-2011-yil
  2. Sayyid Muhammadsoqiy Husayniy,”Oriflar yo‘li”77-79 sahifalar”

5.”Oli Imron” surasi,31-32 oyatlar

♦♦♦♦♦

Yoring sening ilohiy ”Taborak” bo‘lsun,

Dushmanlaringga to‘ma palorak bo‘lsin.

Mulkingda farog‘at bila xonlig’ qil,

Mulking bila ko‘nglung muborak bo‘lsun.

 

”Taborak”- musulmonlarning muqaddas kitobi, Allohning kalomi bo‘lgan ”Qur’on”dagi sura. Ya’ni bu sura ”Mulk” surasining og‘zaki nutqdagi nomi bo‘lib, u 30 oyatdan iborat.

Ruboiyning ohangi, mazmunidan anglashilyaptiki, Bobur bu ruboiyni yaqinlaridan biriga, balki, o‘g‘li Humoyun yoki Komronga atab yozgan. “Taborak” surasining mazmuniga, mohiyatiga diqqat qilaylik. Ushbu sura o‘zining birinchi oyatida kelgan “Mulk” so‘zi bilan nomlangan. Ko‘pchilik uni o‘zining birinchi so‘zi bilan nomlab, ”Taborak” deb ham ataydi.

Bu sura uchta bosh maqsadni o‘z ichiga olgan:

  1. Allohning azamati, tiriltirish va o‘ldirishga qodirligini bayon qilish.
  2. Tangrining yagonaligiga dalil va hujjatlar keltirish.
  3. Qiyomatga va o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga ishonmaydiganlarning oqibati nima bo‘lishidan xabar berish.

Bu sura ”Saqlovchi” va ”Najot beruvchi” deb ham aytiladi.

1.Yoring sening ilohiy ”Taborak bo‘lsun, Dushmanlaringga to‘ma palorak bo‘lsin.

Yor so‘zi – do‘st, rafiq, hamroh ma’nosida keladi, to‘ma-oziq, yemish, nasiba, palorak -qilich, shamshir ma’nosida keladi.

Yor so‘zini hamroh ma’nosida oladigan bo‘lsak, Bobur suradan kelib chiqadigan mohiyatni bir tilak o‘laroq farzandiga tilayapti: “Senga Allohning tavhidi bayon etilgan , unga amal ”Saqlovchi”, ”Najot beruvchi” ilohiy kalomlar hamroh bo‘lsin-u, qiliching dushmaningga nasiba bo‘lsin.”

Zotan Payg‘ambarimiz Muhammad SAV ham: “Mulk surasi har bir mo‘minning qalbida bo‘lishini istardim”, – deganlar.

Mulkingda farog‘at bila xonlig’ qil, Mulking bilan ko‘nglung muborak bo‘lsun.

 

”Mulk” so‘zi uchinchi misradagi mamlakat ma’nosida kelyapti, to‘rtinchi misrada esa boylik, mol-dunyo mazmunida kelyapti.

Senga bu davlat, mamlakat, mol-dunyo Alloh o‘z fazlidan bergan inoyat, Alloh jamiki olamlarning yaratuvchisi, egasi, jamiki mulk-u davlatlarning sohibi mutlaqi. Senga shuni ravo ko‘ribdimi, ato etibdimi, senga bu neʼmatlar muborak bo‘lsin. Bu mulkni sen Allohning marhamatidan deb bil va g‘ururga ketmaki, Ollohning bu ne’mati banda uchun bir sinov hamdir. Shu sababli osudalik bilan, tinchlik va shukur bilan ish ko‘r. “ Podshohlar shuni esda tutsinlari, ulargacha ham boshqalar podshohlik qilganlar.Bir muddat o’tgay, burungilarning o’rinlariga boshqalar kelgaylar.(Xo’ja Ahror Valiy)

Bobur bu tilakda quyidagi oyatni ham ko‘zda tutib, buni tilak bildirgan kishisiga Allohning bergan bu ne’matiga shukronalikda bo‘lishiga eslatma tarzida ta’kidlayapti:

”Ey mulk-u davlat egasi bo‘lgan Allohim, Sen O‘zing istagan kishingga mulk ato qilursan va istagan kishingdan mulkni tortib olursan, istagan kishingni aziz qilursan va istagan kishingni xor qilursan. Bor yaxshilik sening qo‘lingdadir. Albatta, sen barcha narsaga qodirsan.”

.2 .Alloh Taolo barcha narsada o‘zi yagona hokim: ibodatda, qudratda, dunyoning ustida qoyim bo‘lishda

va ko‘pgina xislatlaridan kelib chiqib ”barcha mulkning egasi, maliki” bo‘lishda.

Dunyoning mulkiga egalikda ham yagona. Shu sababli o‘zining bu mulkidan xohlagan kishisiga beradi yoki xohlasa qaytarib, tortib oladi.

Haqiqiy mulk egasi Allohning o‘zi bo‘lgandan keyin istagan paytda uni tortib olib, azizlikdan xorlikka tushirish ham o‘zining ixtiyorida, o‘zining qo‘lida.

Demak, bandaga Alloh taolo bergan mulk ham, davlat ham omonat ekan.

Demak, har qancha boylikka, davlatga, hukmronlikka ega bo‘lma, buni o‘z qudratingdan deb bilma, Allohning fazlidan deb bil. Bu berilgan mulklar senga bir omonat, omonat berildimi, u abadiymas, bir umrlikmas. Omonat berilgan narsaga hirs qo‘yma, yo‘qsa Alloh tortib olsa ham, bu uning Qodirligidandir!

Boburning o‘zi ham ayni hikmatga amal qilgan. Hamisha barcha ishlarida Allohning cheksiz qudratidan najot so‘rab duo qilib yurgan.

Dalil: ”Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman. Ey Allohim, sen o‘zing parvardigorimsan, Sendan o‘zga hech qanday iloh yo‘q, buyuk arsh sohibiga tavakkul qildim. Alloh xohlagan narsa bo‘lur, agar xohlamasa, hech narsa bo‘lmas. Kuch ham, quvvat ham faqat buyuk, ulug’ Alloh (subhanohu va taolo) madadi bilandir. Bilamanki, Alloh barcha narsaga qodir bo‘lgan va hamma narsani o‘z ilmi bilan ihota qilib olgan Zotdir. Ey Allohim, darhaqiqat, mening nafsim yomonligidan, mendan boshqalarning yomonligidan va o‘rmalagan narsa borki, ularning yomonligidan panoh berishingni so‘rab, iltijo qilurman. Zero sen ularning peshonasidan olguvchidirsan (ya’ni barchasi u Zotning qo‘li ostidadir). Darhaqiqat, sen buyuk arsh parvardigoridirsan”

3.Yana bir narsaga e’tibor qaratsak, ruboiyda shoirning so‘z boyligi va badiiy mahoratining namunasi bo‘lgan bir jozibali she’r san’ati ham aks etganki, bu iyhom deb ataladi.

Iyhom – so‘zning ko‘pma’noligiga asoslangan she’r san’ati. Bunda so‘zning har bir ma’nosi she’rga alohida mazmun bag‘ishlashi shart.4.

Boburning bu ruboiysi iyhom san’atining eng yuksak turiga xos bo‘lib, bir ma’nosi yuzida(zohirda), bir ma’nosi ichkariroqda. (botinda, chuqurda) . Shoirning asl muddaosi ham ana shu botinda bo‘ladi. Ya’ni u pardalangan tarzda bayon qilinadi. Nihoyatda nozik bo‘lgan bu she’riy san’atni Hazrat Navoiy ”xossa ma’no” (eng nozik ma’nolarni) ifodalaydigan san’at deb ta’rif beradi.

Agar xossa ma’no gar iyhom erur,

Aning bayti kunda yuz halvom erur..

  1. Baytda Navoiy bu san’atda mahorati cheksizligini aytadi. Bobur ham bu san’atni Navoiydan kam bo‘lmagan go‘zal ma’no-mazmun ifodalovchi bitiklari bilan mohirona namoyon qiladi.

Birinchi misradagi ”Taborak” so‘zining asl nomlanishiga qaraydigan bo‘lsak, yuqorida zikr qilganimiz “Mulk ” ekani, ”Mulk”dan murod esa, Ollohning tavhidi ,Bobur bu yerda Mulk surasidagi har bir inson uchun amal qilish farz bo‘lgan anglamni tagma’noda bergan. Chunki ”Mulk ” surasida podshohlik, mulkdorlik (ya’ni bularning asl egasi yagona Aloh ekanligi) va har bir musulmonga farz bo‘lgan tavhid va oxirat kuniga iymon keltirish haqida so‘z boradi… Suraning o‘zi ham “Qo‘lida mulk bo‘lgan Zot ulug’ va muqaddas bo‘ldi”, – deb boshlanadi. Boburning faqih olim ekanligi bizga uning islom dinining farzlari yoritilgan “Mubayyan” asari orqali ma’lum. Bobur ma’rifatining yuksak namunasi bo‘lgan ruboiylarida ham bu mavzu juda go‘zal aks etgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ,”Tafsiri Hilol”, 6-juz, 206-207 betlar.

2)Anvar Hojiahmedov” She’riy san’atlar va mumtoz qofiya,74-bet)

3)”Boburnoma” da Bobur o‘qigan duo

♦♦♦♦♦

Yuz hamd angakim, hamddin aning ahli maqol

Yuz yil desalar, tugatmagi amri mahol

Vasfida xirad ojiz erur, notiqa- lol

Ne nav’ sifat qilay oni Jalli jalol

 

Alhamdulilloh – Allohning eng suygan kalimasi.

Alhamdulilloh – Allohni ulug‘lash uchun eng mukammal kalima.

Alhamdulilloh – Odam alayhissalom aytgan ilk so‘z.

Alhamdulilloh – Qur’ondagi birinchi kalima.

Alhamdulilloh – eng afzal duo va zikr.

Bobur Ollohga, uning farzlariga qattiq e’tiqod qo‘ygan, ixlosi baland kishi edi.

 

Yuz hamd angakim, hamddin aning ahli maqol

Yuz yil desalar, tugatmagi amri mahol

 

Allohga hamd, maqtov aytish-banda uchun bir sharaf.

Allohga hamd aytish -banda uchun bir ne’mat.

Yuz hamd (maqtov, ulug‘lash) anga(Alloh) ga bo‘lsinkim, Allohga hamd aytuvchilar bu hamdni yuz ming desalar ham tugamoqligi mahol ish, ilojsiz ish.

Allohga hamd, shukur aytish har bir mo‘minning farzi, go‘zal xulqi. Allohni ulug‘lash uchun eng mukammal kalom.Bu kalomga dunyodagi jamiki maqtov egasi bo‘lgan Alloh sazovorligi bayoni bn boshlanyapti ruboyi.

Albatta osmonlaru yerni, zulmat-u ziyoni yaratgan benuqson, behojat zotga hamd aytish banda uchun cheksiz sharaf va hidoyatning totli bir ta’midir.Tafakkur qilaylik: butun borliqni ,undagi jonli-jonsiz jamiki maxluqotlarni xalq qilgan aliym va hakim zot, barcha hojatlardan behojat zot bo‘lgach, hamd aytmay bandaning iloji bomikin? Uning hamdini aytguvchilar

Yuz ming desalar tugatmagi amri mahol.

Allohga yuz marta tugul yuz ming marta hamd aytilsa-da , bu hamdlarning tugamagi mahol, qiyin, mushkul, ilojsiz. Diqqat qilaylik, aytsam demayapti Bobur, aytsalar, desalar demoqda. Unda gapning jilovi qayerda, gapning haqiqati qayerda?.Buning mag‘zini chaqish, gapning haqiqatiga yetish uchun biroz aqlni, fikrni ishga solaylik. Bunda bizga Allohning kalomi-“Qur’on” yo‘l ko‘rsatsa, biz ham aql ko‘zi bn yo‘lni ko‘rolsak, ajab emas.

  1. ”Alloh Taolo marhamat qiladiki”uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini sizlar anglamaysizlar. U haliym va sermag‘firat zotdir”!

”Isro” surasi, 44- oyat

  1. “Osmonlar-u yerdagi narsalar Allohga tasbeh aytadi. Va u Aziyz va Hakiym Zotdir“ “ Hadid” surasi, 1-oyat
  2. ”Va momaqaldiroq Uning hamdi ila tasbeh aytadir va farishtalar ham Undan qo‘rqqanlardan hamd, tasbeh aytadilar”

“Ra’d” surasi, 13-oyat

Osmon, undagi jismlar, yer , undagi zohir bo‘lgan har bir narsa : jonli-jonsiz Unga hamd va maqtovda bo‘lar ekan, bu hamdlar tugaydimi?

Osmondagi yulduzlar jimiri, quyoshning porlashi, oyning nur sochishi , momaqaldiroqning Alloni amri bn chaqishida hamd bor ekan, bu hamdlarning tugash hududi bormi?

Yerdagi har bir giyoh, ochilib turgan gullar, har chayqalishida , har tebranishida Allohni zikr qilar ekan, bu hamdlarning yakuni bormi?

Farishtalar ,gunoh- ma’siyatdan xoli bo‘lgan, Allohga muqarrablar unga tunu kun hamd aytar ekan, bandaning aytmasligi mumkinmi? Demak, yuz ming desalar tugatmagi amri mahol-da.Unda nega Bobur yuz hamd deyapti? Yuz yil deyilsa ham poyoni bo‘lmagan madhning adadini yuz demoqlik???!!

Bilamizki, hazrati Bobur yuksak fasohat va zarofat egasi. ” Yuz hamddan” murod esa quyidagi hadis mazmuniga munaks bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas.

Hadis: ”Rasul sallollohu alayhi vassallam bir kun sahobalariga: ” Yuz marta “Subhanollohi bihamdihi” denglar. Kim uni bir marta aytsa, unga o‘n savob yoziladi, kim o‘n marta aytsa, unga yuz marta savob yoziladi, kim uni yuz marta aytsa, unga ming javob yoziladi. Kim ziyoda qilsa,Alloh ham ziyoda qiladi. Kim istig‘for aytsa, Alloh uni mag‘firat qiladi”- dedilar. Ibn Umar roziyollohu anhudan rivoyat qilinadi. Termiziy rivoyat qilgan . Mohiyat ravshan bo‘ldi. 1

Vasfida( ta’rifida) xirad(aql) ojiz, notiqa(nutq qiluvchi, aytuvchi, gapiruvchi) lol, hayronlikda!! Aqlki ojizlik qilgan masalani til qandoq ham so‘zlasin-u, til egasi qay tarz bayon qilsin!

Ya’ni Allohni tavsif qilishda, inson aqli unga yetmas, ojizdir, tillar bu ta’rif bayonida mukammallik kasb etolmas, tasavvur unga yetolmas, fahmlar uni idrok etolmas! 2

Dalil:1.“ Uni ilm ila ihota qilolmaslar” .”Toha” surasi, 110-oyat.

  1. “Uning ilmidan biror narsani ihota qila olmaslar”. “Baqara” surasi-255-oyat.

3.”Ko‘zlar uni idrok qila olmas, u ko‘zlarni idrok qilar va u daqiq narsalarni biluvchi va o‘ta xabardor Zotdir” .”An’om” surasi, 103-oyat.

Ilm va aql egali uchun bu dalil larda ta’kid bor. Bu qadar ulug‘lik egasi bo‘lgan Zotning, albatta, ”Vasfida xirad ojiz erur, notiqa lol” bo‘ladi-da!!

Ne na’v sifat qilay oni Jalli Jalol.

Bu misra sharhida e’tiqod ilmiga, kalom ilmiga yuzlanamiz. Chunki aqoid ilmi -bilimlarning oliysi va dinning asli hisoblanadi. Bu ilmni o‘rganish va unda bayon qilinganlarga e’tiqod qilish xayri-baraka bo‘lsa,undan xabarsiz holdagi amal kishini dunyoyi oxiratini boy berishiga olib keladi.Boisi, e’tiqodi noto‘g‘ri kishining ibodatlari qabul bo‘lmaydi. Alloh Taologa ibodat qilishning asl mohiyati ham, u Zotni tanishning asosi ham aqoid ilmida bayon qilinadi. So‘fi Allohyor bobomiz bejiz aytmaganlarki” Aqida bilmagan shaytona eldir”

”Qur’on” va Sunnatda bayon qilinga Alloh Taoloning sifatlari ikkiga bo‘linadi:

1.Zotiy sifatlar.

2.Fe’liy sifatlar

Zotiy sifatlarga 8 subutiy sifat kiradi.

1.Hayot sifati.

2.Ilm sifati

3.Irodat sifati.

4.Qudrat sifati.

5.Sam’ (eshitish) sifwti

6.Basar (ko‘rish) sifati.

  1. Kalom sifati.
  2. Takvin (yaratmoq) sifati

2.Fe’liy sifatlar

Yaratish

Rizq berish

Istivo qilish

Yaxshi ko‘rish

Yomon ko‘rish

G‘azablanish

Xursand bo‘lish 3

Biz Alloh vasfini qurbimiz yetgancha yuqoridagi sifatlar bn sifatlar ekanmiz, uning Zotiga taaluqli sifatlarni aytishga, nutq qilishgagina fahmimiz yetadi xolos. Undan boshqa biror sif

atini idrok etolmaymiz! Hadis :” Ibn Abbos Roziyollohu anhuma aytadiki, ” Bir qavm Alloh azza va jalla to‘g‘risida tafakkur qilib o‘tirishgandi, Nabiy alayhissalom ularga ”Alloh yaratgan narsalar xususida fikr qilinglar, Alloh xususida fikrlamanglar, sizlar hech qachon uning o‘lchovini idrok etolmaysizlar”,- dedilar. 4Xo‘p, insonning aqli, fahmi ,tasavvuri yetmaydigan, ta’riflashda so‘z topishga hayronlikda bo‘lgan, Allohning o‘zi marhamati ila yetishganimiz bir siqimgina ilm bn Uning faqat sifatinigina ta’riflashga qurbi kelar ekan, qandoq ham uning asliga xos sifatini bayon qila olsin!!? Chunki U barcha izzat va ikrom egasi! U Zuljalali val Ikram! U Jalli Jallol!!U shon-sharaf va izzat egasi!! Zuljalali val ikram-Allohning 99 ta go‘zal ismlaridan biri.

Ko‘rinadiki, Bobur e’tiqodda barqaror, iymonda sobit! E’tiqod masalasiBobur ma’rifatining ajralmas, uzviy bo‘lagidir! O‘ziga eng maqbul bo‘lgan kalom bn bandalarini ne’matlantirgan Zotga Alhamdulillah!!!

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.” Hadis va hayot”. 2008-yil. 34-juz, 87-bet. 4532.

2.Imom Tahoviy ” Talxisi sharhi al aqoidi Tahoviy” .

Sharhchi-Ibn Abul Izz Sadriddin ali ibn Ali ibn Muhammad.

Tarjimon -Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. 26-bet.

  1. Sirojiddin O‘shiy. ”Bad’ul amoliy” Sharhchi-Abdulqodir Abdurrahim.2017-yil.

4.G‘azzoliy.” Ihyoyi ulumiddin”. ”Tafakkur kitobi”.”Toshkent Islom universiteti” nashriyot matbaa birlashmasi.Toshkent-2007-yil.2-bet.

Tarjimon Bobomurod Erali

Xurshida Ataullohxon