Murod Chovush yosh o‘zbek yozuvchisi. “Hech” yozuvchining atigi 60 betlik romani. Roman bo‘lgandaki, hech bir qolipga sig‘mas, biz o‘rganib qolgan “edi, emish, qilyapti-bo‘lyapti“larni buzib tashlagan roman.
Adabiyotshunos Mahmud Sa’diy “Hech” – fenomental asarligini ta’kidlab, bunga o‘xshash ijodiy izlanishlarni o‘zbek adabiyotida boshqa uchratmaganini aytadi. Fenomen so‘zi deb har qanday kuzatiladigan hodisaga aytiladi. Kundalik kunda esa bu atama kamdan kam kuzatiladigan g‘ayrioddiy hodisaga aytiladi. Atamani zamonaviy falsafaga Immanuel Kant kiritgan. Bu kabi fenomental asarlarga Kafka va Kamyuning ham asarlari kiradi.
“Hech“ o‘z nomi bilan hechdir. Asarda syujet yo‘q. Kim gapiryapti, kimga gapiryapti bilish qiyin. Voqealar tushda bo‘lyaptimi, hushdami buniyam bilish qiyin. Asosiy qahramon Dengiz Naim otli yozuvchi. U bir qarasa ruhlar bilan, bir qarasa uyidagi suvarak, bir qarasa o‘z-o‘zi bilan, yana bir qarasa esa yonidagi odamlar bilan gaplashib ketaveradi.
Kitob ichida yana “Qora dengiz“ romani ham bor. U ham menga “Hech”ning mantiqiy davomidek tuyuldi. Chunki unda ham qahramon Dengiz Naim edi.
Garchi men asarni yaxshi tushunmagan bo‘lsam-da, asar atrofidagi bahs-munozara-yu, tanqidlardan cho‘chimasdan shakliy izlanishga qo‘l urib, jahon tajribasini qo‘llashga uringani uchun muallifni qo‘llab -quvvatlayman.
Mutolaadan charchamang!
Mohichehra A’zam