O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

Dunyo yo‘l ayrimida: AQSH bilan bo‘lmaydi!

Dunyo yo‘l ayrimida: AQSH bilan bo‘lmaydi!
69 views
03 March 2025 - 22:09

AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuv dunyo kun tartibiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Trampning tutumi kuchli tanqidlarga sabab bo‘ldi va yangi Amerika boshqaruvi bo‘yicha savollar yanada ortdi.

G‘arb dunyosi va demokratik davlatlar Trampning Zelenskiyga nisbatan yuqoridan qaragan, jerkib gapirgan xatti-harakatlarini keskin tanqid qilib, Ukraina rahbariyatini qo‘llab-quvvatladilar. Tramp boshchiligidagi yangi Amerika ma’muriyatiga nisbatan oldindan mavjud bo‘lgan shubhalar yanada kuchaydi va G‘arb dunyosi AQSHning bunday rahbariyat bilan endi ularga yetakchilik qila olmasligini ta’kidlamoqda.

Yangi yetakchi kerak

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaja Kallas, “Bugun ozod dunyoga yangi yetakchi kerakligi aniq ko‘rinib qoldi. Bu chaqiruvga javob berish biz, yevropaliklarning vazifasi”, deya Yevropadagi kayfiyatni ifoda etdi. Frantsiya Bosh vaziri Fransua Bayru esa, “Zelenskiy Vashingtonda bo‘yin egmadi va Yevropaning sharafini himoya qildi. Endi biz yevropaliklar sifatida qanday yo‘l tutishimizni yoki umuman bor bo‘lishni xohlash-xohlamasligimizni hal qilishimiz kerak”, dedi.

Shu nuqtayi nazardan, bugun Buyuk Britaniya poytaxti Londonda bo‘lib o‘tadigan sammit yanada muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, ham Yevropa, ham NATO endi AQSHsiz yo‘lni davom ettirish ehtimolini jiddiyroq o‘ylab ko‘rishi kerak.

“Kechirim so‘ramayman”

Tramp sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng, Zelenskiyning tinchlik kelishuvini tuzishga qanchalik tayyor ekani borasida shubhalar mavjudligini aytib, “Men zudlik bilan tinchlik o‘rnatishni xohlayman. Putin ham buni qilishni istaydi. Lekin bu odam (Zelenskiy) bizning urushni davom ettirishimizni xohlaydi”, deya fikr bildirdi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa, Zelenskiy Oval ofisdagi bahsdan keyin Trampdan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi. Zelenskiyni ayblagan Rubio, “Ushbu voqeani o‘z obro‘siga zarar yetkazadigan darajaga olib kelgani uchun kechirim so‘rashi lozim”, dedi.

AQSHning Trampga yaqin Fox News kanaliga bergan intervyusida Zelenskiy esa, boshlovchining Trampdan kechirim so‘raysizmi degan savoliga, “Men kechirim so‘rashni talab qiladigan hech qanday noto‘g‘ri ish qilmadim”, deya javob qaytardi.

Zelenskiy, shuningdek, Kiyevning AQSH yordamisiz Rossiya bilan urushni yutib chiqishi mumkinmi, degan savolga: “Biz uchun bu juda qiyin bo‘ladi. Shuning uchun men shu yerdaman”, deya javob berdi. Shuningdek, u Tramp bilan munosabatlarni tiklash mumkinligiga ishonishini bildirdi va adolatli kelishuv hamda xavfsizlik kafolatlarini istayotganini qayd etdi.

Milliyet