O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

Muhammad Solih: Mirziyoyev bir umr prezidentlikda qoladi (video)

Muhammad Solih: Mirziyoyev bir umr prezidentlikda qoladi (video)
14,806 views
29 September 2021 - 16:38

O’zbekistonda o’tgan ilk prezidentlik saylovida Islom Karimovga raqiblik qilgan muxolifatdagi “Erk” partiyasi lideri Muhammad Solih YXHTning O’zbekistondagi prezidentlik saylovlarini to’liq missiya bilan kuzatish qaroridan shunday xulosalar taqdim etmoqda.

Navbatdagi prezidentlik sayloviga 20 kundan oshiqroq vaqt qoldi. Nomzodlar, jumladan, amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvlarni davom ettirmoqda.

Mirziyoyev bu tadbirlarda prezident emas, nomzod maqomida qatnashayotgan bo’lsa-da, uchrashuvlar prezidentning viloyat safarlaridan deyarli farq qilmaydi. Mahalliy hokimiyatlar, barcha ma’muriy resurslar yagona nomzod xizmatiga jalb qilingan.

Bu nafaqat saylovni kuzatishga kirishgan xalqaro ekspertlarda, shuningdek, prezidentlikka da’vogar boshqa muqobil nomzodlarda ham biror e’tiroz uyg’otgani kuzatilmaydi.

Muhammad Solihga ko’ra, qo’g’irchoq partiyalardan ko’rsatilgan muqobil nomzodlar saylovda rol o’ynab berishi tayin, ammo o’zbek xalqi rol o’ynamasligi, hech bo’lmaganda, soxta saylovlarga nisbatan ichki e’tirozini saqlab qolishi kerak.

“Erk” 30 yildirki mustaqil O’zbekiston tarixida prezidentlik saylovida qatnashishga muvaffaq bo’lgan yagona muxolif partiya maqomida turibdi. O’zbekistonda, 90-yillar boshida o’tgan ilk prezidentlik saylovlari istisno qilinsa, muxolifatga boshqa imkoniyat berilmadi, mamlakat turg’unlikka yuz tutdi.

Muxolifat bugun, yangi O’zbekiston davrida ham bunday imkoniyatdan mahrumligicha qolmoqda.

“Erk” partiyasi yetakchisiga ko’ra, katta ehtimol bilan Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishi uning bir umrlik prezidentlik qilishiga yo’l ochib beradi.

Manba: Amerika Ovozi