Toshkentdagi kinoteatrlar afishalariga ko‘z tashlasangiz, barcha chet el filmlari rus tilida yoyinlanishini ko‘rasiz. O‘zbek tilida faqat mahalliy o‘zbek kinosanoati mahsulotlarini tomosha qilsa bo‘ladi. Bizda negadir xorijiy premyeralar oldin kinoteatrlarda ruscha ko‘rsatiladi, keyin esa, ya’ni bir necha oy o‘tib o‘zbekchaga dublaj qilingan varianti televideniyeda namoyish etiladi. Nimaga yangi filmni o‘zbekchada ko‘rish uchun oylab kutish kerak? Uni ham kinoteatrda emas, faqat televizorda ko‘ra olasiz.
Bilamizki, kino asarini u ishlab chiqilgan studiyadan olib, kinoteatrlarga uzatadiganlar – bu tarqatuvchi (distribyutor) kompaniyalar. Filmni mahalliy auditoriya uchun moslash, uni tarjima qilish bilan ham o‘sha tarqatuvchilar shug‘ullanadi. O‘zbekistondagi erinchoq distribyutorlar esa tayyor ruscha dublajning o‘zini olib, kinoteatrlarga shundayligicha tarqatadi. Kechirasiz, lekin O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasining bir qismi emas, balki o‘z tiliga ega alohida mamlakatdir. Bu yerda hamma ham rus tilini bilmaydi va bu tabiiy. Bilmadim, “bizda ruschani hamma tushunadi” degan mif bormi, hatto televizorda ba’zida ruscha nutqlar shundayligicha tarjimasiz berib qo‘yiladi. Vaholanki, yoshlarning ko‘pchiligi rus tilini bilmaydi, masalan, ruschani umuman tushunmaydigan tanishlarim bor. Buni qanaqadir qusur deb emas, balki normal qabul qilishimiz kerak. Postkolonial davrda kolonial tilga ehtiyoj kamayishi mutlaqo tabiiy. Qolaversa, butun O‘zbekiston ko‘lamida olsak, o‘rta yoshlilar orasida ham ruschani yaxshi biladiganlar u qadar ko‘p emas.
Albatta, ovozli tarjima, ya’ni dublaj mablag‘ talab etadi, biroq tarjimaning suvtekinga tushadigan yana bir turi bor – subtitrlar. Ikki soatlik filmga subtitrlarni ishlab chiqish uchun ko‘pi bilan bir hafta ketadi. Buning uchun hatto maxsus studiya kerak emas, balki har qanday odam shaxsiy kompyuterida subtitrlarni yarata oladi. Shunday ekan, nimaga O‘zbekiston kinoteatrlari boshqa tillarda yoyinlanadigan kinolarni hech bo‘lmasa o‘zbekcha subtitrlarni qo‘shib ko‘rsatmaydi?
Misol uchun, Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida xorijiy filmlarni kinoteatrlarda davlat tiliga ovozli yoki subtitrli tarjima bilan ko‘rsatish qonunan shart qilib qo‘yilgan. Qo‘shni Qozog‘istonda ham 2019-yildan boshlab qozoqcha subtitrlar majburiydir. Bizda ham bunday norma qonunchilikka kiritilishi kerak, deb o‘ylayman. So‘nggi 2-3 yilda kinematograf to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish haqida gaplar bo‘lyapti. Agar bunday qonun qabul qilinsa, unga yuqoridagi me’yor ham kiritilishi zarur. Ya’ni kinoteatrlarga boshqa tillardagi filmlarni o‘zbekchadagi dublaj yoki subtitrli tarjima bilan uzatish shart etib belgilansin. Yosh bolalar uchun mo‘ljallangan multfilmlarga esa to‘liq ovozli dublaj talabini qo‘yish kerak, chunki kichkina bolalar subtitr o‘qiy olmaydi.
Ushbu choralarning aslida tijoriy foydasi ham katta. Auditoriya kengayadi, ko‘proq odam kinoga boradi, natijada kinosanoat rivojlanadi. Asosiysi – ko‘pchilik aholining madaniy ehtiyojlari va huquqlari himoya qilingan bo‘ladi.
Otabek Umar
Manba: Facebook



Каримберди Тўрамуроднинг “Триптих”и ҳақида
Вячеслав Ахунов: Ўзлик қандай ўзгартирилмоқда?
Малоҳат Эшонқулова: Ўзбекистон режими танқиди ортидан YouTube’даги каналим ёпилди
“ВОДИЙДА ЎЛИШ ТАКИКЛАНАДИ”
Гўзал БЕГИМ: ЭРК МУАЛЛИМИ