O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

“Savolingni ruscha ber” – Oliy Majlis deputati

“Savolingni ruscha ber” – Oliy Majlis deputati
546 views
18 August 2021 - 21:15

Biz deputatlarimiz saviyasi to‘g‘risida ko‘p gapiramiz. Buni qarangki, Oliy Majlisda hatto o‘zbek tilini bilmaydigan deputatlar bor ekan. Ulardan biri – Yelena Babenko ismli deputat 17-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida faqat ruscha so‘zladi, buning uchun jurnalist tomonidan haqli e’tiroz bo‘lganiga qaramay, hech xijolat bo‘lmadi, uzr so‘rashni xayoliga ham keltirmadi, bu yetmaganday, savolni rus tilida berishni so‘radi.

Deputatning bunday xatti-harakatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot kotibi Navro‘z Rizayev izoh berishga urunar ekan, “deputatlarimiz o‘zbek tilini o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani, bu maqsadda alohida markaz ham ochilgani” haqida aytdi. Uzr-ku, O‘zbekiston deputatiga o‘zbekchani o‘rgatish kerakligining o‘zi – bu nonsens, aqlga sig‘maydigan holat. Eng muhimi – bu o‘sha deputatchalar qanday saylanganligi to‘g‘risida o‘rinli savollarni yuzaga chiqaryapti. 99% aholisi o‘zbekcha so‘zlashadigan shahar – Andijondan saylangan Yelena Babenko qanday qilib o‘zbekcha gapirmasdan, o‘zi aytganidek, 85% ovoz olishi mumkin? Agar hozirgidek “siylov” emas, haqiqiy saylov bo‘lsa, hatto Toshkentda ham o‘zbek tilini bilmaydigan odam saylana olmaydi.

Aslida, Yelena Babenko (aytgancha, XDP a’zosi) singari davlat tilini bilmaydigan deputatlar qanday saylanganini qaytadan tekshirish kerak. Biroq bunday bo‘lishiga ko‘zim yetmayapti. Yaxshisi, Yelena Babenko davlat tiliga mensinmaslik munosabatida bo‘lgani uchun omma oldida uzr so‘rasin va bundan buyog‘iga o‘zbekchani zo‘r berib o‘rganish, kelgusida rasmiy tadbirlarni o‘zbek tilida olib borishga so‘z bersin. Yo‘qsa deputatlik mandatini topshirib, o‘rnini bo‘shatsin. Davlatchilik asoslari va Konstitutsiyaning 4-moddasiga tupurib qo‘ygan “deputat”lar kerak emas.

Otabek Umar

Manba: facebook.com