O'zbekiston ERK Demokratik Partiyasi

Meni yolg’iz O’zing qo’lla Parvardigor

Meni yolg’iz O’zing qo’lla Parvardigor
149 views
08 January 2012 - 21:54

 

Oppoq degan dunyolarim siyoh balki.
Dunyo dilni o’ldirguvchi giyoh balki.
Savob deya qilganlarim gunoh balki.
Meni yolg’iz O’zing qo’lla Parvardigor.

Charxlar keldi, yuragimni charxlab ketdi.
Va jonimni yaproqlarga narxlab ketdi.
Ular kelib nimani ham farqlab ketdi.
Meni yolg’iz O’zing qo’lla Parvardigor.

Tosh otdilar, yuragimda tog’lar paydo.
Tuproq bo’ldi, o’shal tog’lar dog’lar paydo.
Qalbim qayga borgan bo’lsa bog’lar paydo.
Meni yolg’iz O’zing qo’lla Parvardigor.

Hushim uchib dunyolarga uchdim ba’zan.
Rostdan tonib, ro’yolarga uchdim ba’zan.
Yo’q tonmayman, do’stimdan ham kechdim ba’zan.
Meni yolg’iz O’zing qo’lla Parvardigor.

G’ayrat Majid